20:10 / 25.01.2022
6964

Xitoyda o‘zbek mahsulotlarining jonli efirdagi savdosi tashkil etildi

Foto: O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi

Xitoyda Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mahsulotlarini onlayn translatsiya orqali sotish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Ilk marta bunday savdolarda o‘zbek mahsulotlari ham qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi Kun.uz'ga ma’lum qilgan.

Ushbu onlayn xarid tizimi Xitoy savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Mahsulotlar Alibaba, Taobao, Hema va Fliggy onlayn platformalarida tashkil etilgan jonli efirlarda sotilgan. O‘zbekiston elchixonasi 260 mingdan ortiq xitoyliklar kuzatib borgan onlayn savdoda 9 turdagi mahsulotlar bilan ishtirok etgan. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan konditer mahsulotlari, qadoqlangan quruq mevalar va mineral suvlar xaridorlarga namoyish qilingan.

Foto: O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib bunday onlayn savdolarda ishtirok etgan. Bu jarayonda xaridorlar nafaqat mahsulotlarni tomosha qilishi, balki o‘sha zahotiyoq onlayn xaridni ham amalga oshirishi mumkin. Ma’lumot uchun, Xitoy dunyodagi eng ko‘p iste’molchilarga ega davlat hisoblanadi. Mamlakatda 400 milliondan ortiq o‘rta klass vakillari istiqomat qiladi.

Top