20:59 / 27.01.2022
23428

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana otishma ro‘y berdi

27 yanvar kuni kechqurun qirg‘iz-tojik chegarasidagi To‘rtko‘cha hududida otishma kelib chiqdi. Qirg‘izistondagi 24.kg nashri birinchi bo‘lib tojikistonlik harbiylar o‘t ochgani, qirg‘iz chegarachilari esa bunga javob qaytarishganini yozgan. Mojaroga tojikistonlik chegarachilarning Isfara – O‘sh yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Nashrning qayd etishicha, soat 18:15 da Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Botken viloyatining To‘rtko‘cha hududidagi Isfara – O‘sh yo‘lini bir tomonlama to‘sib, avtomobillar harakatini cheklab qo‘ygan.

Asiaplus.tj nashri esa birinchi bo‘lib qirg‘iz chegarachilari o‘q ochgani haqida xabar bergan.

Ayni paytda voqea joyiga Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati Botken viloyati boshqarmasi rahbarlari yetib borgani aytilmoqda. OAVning ma’lum qilishicha, Botken viloyatidagi chegaraning ushbu qismida joylashgan chegara bo‘linmalari kuchaytirilgan navbatchilik rejimiga o‘tkazilgan.

 “Tojikistonlik chegarachilar avval avtomatlardan o‘q otishgan, so‘ngra minomyotlarni ishga solishgan”, deb yozgan 24.kg nashri.

Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham otishma joyiga yaqin qishloqlar aholisini evakuatsiya qilgan.

Tojikiston chegarachilaridan uch nafari yaralangani aytilgan.

Isfara shahar hokimligi matbuot kotibi Zubaydullo Shomadovning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Somoniy qishlog‘idan Chorkuh jamoasiga ketayotganda Tojikiston fuqarolarining avtomashinalariga tosh otilgani sababli yuzaga kelgan. Voqea joyiga Tojikiston va Qirg‘iziston rasmiylari yetib borgan. Isfara – O‘sh yo‘li hamon yopiqligicha qolmoqda, ayni paytda mojaro hududida har ikki tomondan ko‘plab odamlar to‘plangan.

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmatining xabar berishicha, To‘rtko‘cha hududidagi yo‘l mahalliy vaqt bilan soat 19.30 da qatnov uchun qayta ochilgan.

“Tojikiston tomoni minomyot va granatomyotlardan foydalangan”, — deyiladi chegara xizmati xabarida.

Ayni vaqtda otishma to‘xtagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda tojik-qirg‘iz chegarasining 976 kilometridan atigi 504 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilingan.

Top