14:20 / 28.01.2022
10848

“Bolam o‘z holidan kuyinib yig‘laydi”: ikki qizning hasratida sarson ota, ko‘zi yoshli ona iztiroblari

Qoraqalpog‘istonlik opa-singil Maftuna va Guldona Komiljonovalarga birlamchi immunitet tanqisligi tashxisi qo‘yilgan. Qizlar boshqa bolalar kabi o‘ynab-kulish baxtidan mahrum bo‘lsa, boshini yaxshi tuta olmaslik, mustaqil ovqatlana olmaslik kabi cheklovlarga mahkum.

Qizlar jannatning rayhonlaridir. Farzandlarimiz orasida eng avaylanadiganlari – qizlarimizning dard chekishini tasavvur ham qila olmaymiz. Ammo qoraqalpog‘istonlik bu oilaning bir emas, ikki qizi 12 yildan beri birlamchi immunitet tanqisligi tashxisi sabab xastalikda yashashadi.

12 yoshli Maftuna va 8 yoshli Guldonaning ko‘zlarida beg‘uborlik ostidagi cheksiz mung qalbni og‘ritadi. Shu sabab oila boshlig‘i 12 yildan beri xorijda ishlaydi, chunki zarur dori-darmonlar juda qimmat. Faqat chet eldan topish mumkin bo‘lgan dorilarni olish uchun oila hozir yashab turgan uylarining yarmini sotishga majbur. Bu dorilarsiz esa qizlarning ahvoli nihoyatda og‘irlashadi. Qizaloqlar dard sabab tengqurlari bilan yayrash baxtidan mahrum bo‘lsa, boshini yaxshi tuta olmaslik, mustaqil ovqatlana olmaslik kabi cheklovlarga mahkum.

“Qizlarim muntazam ravishda dori-darmon yordamida katta bo‘lishyapti. Shusiz ularning ahvoli nihoyatda og‘irlashadi. Bu dorilarni topish oson bo‘lmayapti. Faqat xorijda topiladigan dori vositalarini o‘sha yerdagi hamyurtlarimiz orqali keltiramiz.

Maftuna hamma narsani tushuna boshlagan, siqiladi, o‘z holidan kuyinib yig‘layotganini sezaman. Mustaqil yura olmaydi, o‘zi ovqatlana olmaydi – ikkalasiniyam o‘zim ovqatlantiraman. Yursa ham, bir joyda o‘tirsa ham boshi aylanadi. Dorilar yordamida buni kamaytirish mumkin.

Har qanday kasallikni ham 2-3 yilda davolasa bo‘ladi. Biz esa shuncha vaqtdan beri chora axtaramiz. Har oyda bolalarim yashashi uchun dorini, unga ketadigan mablag‘ni qidiraman. Bu oyga topsam, keyingi oyni o‘ylayman”, — deydi qizlarning onasi Mehribon.

Go‘daklarning javdiragan nigohlari sog‘ayishni, yashashni istab madad qidiradi. Bu madad esa ular qabul qiladigan dori-darmonlarda bo‘lib qolgan. Shu begunoh qizaloqlar sog‘ligi qanchalik muhimligini his qilish uchun o‘z farzandlarimiz ko‘zlariga qarash kifoya.

Maftuna va Guldona Komiljonovalarga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 9842 3847 onasi Mehribon Razzoqova nomida

Sberbank: 4276 4000 9208 6215 qarindoshi Magsat Razzoqov nomida

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top