12:49 / 01.02.2022
2125

Surxondaryo va Namangan viloyatlarida o‘qishni ko‘chirib berishini aytib firibgarlik qilgan va pora olgan shaxslar ushlandi

Foto: Tergov departamenti

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani va Namangan viloyati Uychi tumanida o‘qishni ko‘chirib berishini aytib firibgarlik qilgan va pora olgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uychi tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda aniqlanishicha, “I.I.” MChJ ish yurituvchisi M.T. fuqaro M.J. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularga chet davlatda tahsil olayotgan talabalarni O‘zbekistondagi OTMlarga ko‘chirish faoliyati bilan shug‘ullanishini aytgan.

So‘ng 2021 yilning iyun-dekabr oylarida 4 nafar ota-onaning farzandini o‘qishini ko‘chirib berish evaziga 6 700 dollar va 1,4 million so‘mni qo‘lga kiritgan. U olgan pulidan 1 200 dollarni qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Shu kabi, departamentning Muzrabot tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Termiz muhandislik-texnologiya instituti jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Sh.A. fuqaro F.ning Tojikistondagi OTMdan o‘qishini 900 dollar evaziga o‘zi ishlayotgan institutga ko‘chirib berishni va’da qilib, shundan 800 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top