20:38 / 07.02.2022
8741

“Taklifimiz shu safar o‘tsa kerak” - Davletov hokimlarning kengash raisligini bekor qilish haqida

Hokimlarning mahalliy kengash raisi maqomini bekor qilish 2019 yilgi davlat dasturiga kiritilganiga qaramay, amalga oshmay qoldi. Adliya vaziri bu taklif hukumatga takroran kiritilganini ma’lum qildi va taklif shu safar inobatga olib, qonun yil oxirigacha qabul qilinishiga umid bildirdi. Biroq 2022 yilgi davlat dasturida bunaqa band yo‘q.

Bugun, 7 fevral kuni jamoatchilikka yillik hisobot bergan adliya vaziri Ruslanbek Davletov hokimlarning xalq deputatlari mahalliy kengashlari raisi lavozimini bekor qilishga doir qonunni qabul qilish kechikayotganiga izoh berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi ushbu loyiha bo‘yicha mas’ul ijrochi, shuningdek, uni ishlab chiqqan va kiritgan, lekin keyin u to‘xtab qolgan.

“Hozir kengashlar faoliyati o‘zgardi. Faollashdi, jamoatchilik qattiq talab qilganidan keyin nafaqat Qonunchilik palatasi, balki o‘rta va quyi bo‘g‘indagi deputatlarimiz ham “paydo bo‘lishni” boshladi.

Siz aytayotgan paytda mana shu bir xil siyosatni yuritish uchun ham hokim… endi hokim deganda darrov negativ fikrlar kelavermasligi kerak. Hokim ham bu davlatning instituti, juda katta boshqaruv mehanizmi. O‘ziga yarasha vakolatlari bor, javobgarligi ham juda katta. Boshqa organlarga qaraganda ham juda katta vakolati bor.

Lekin, albatta, bu narsa to‘g‘rilanishi kerak. Biz Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida shu narsani qaytadan kiritdik. Hukumatda muhokama bo‘ldi, qo‘llab-quvvatlanyapti. O‘ylaymizki, shu safar o‘tishi kerak. Biz bunga qattiq harakat qilyapmiz.

Mana, o‘tgan yili mahalliy kengashlarda kotibiyat tuzildi. Mana siz aytyapsiz, kengashlarga boshqa rais qo‘yaylik deb, lekin kengashda birorta deputat doimiy ishlamaydi. Qonunchilik palatasidan boshqa deputatlarning asosiy ish joyi bo‘ladi, ular [deputatligi uchun] oylik ham olmaydi, bu faqat ijtimoiy maqom.

Endi doimiy kotibiyatdan keyin rais bo‘lsa, keyin doimiy asosda ishlaydigan deputatlarni kiritamiz. Kengash bu faqat raisning o‘zimas-da. Ertaga bu tizim ishlashi uchun biz uni amalga oshirish algoritmini shunday ko‘ryapmiz. Nomiga raisman deb o‘tirgani bilan hech nima bo‘lmaydi, ozgina richag bo‘lishi kerak, ozgina apparati bo‘lishi kerak”, – deya adliya vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Davletov bu qonun loyihasi Oliy Majlis palatalari rahbarlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu yil qabul qilinishi mumkinligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish 2019 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan edi.

2022 yilgi davlat dasturida bu haqda nima deyilgan?

2022 yilgi davlat dasturida, tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod ilgari surilishi tartibini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, hokimlikka nomzod mahalliy kengashda hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilib, lavozimga tasdiqlanishi tartibi kiritilishi mumkin.

Shuningdek, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlashi tartibini joriy etish ham nazarda tutilgan. May oyigacha bunga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi kerak.

Shuningdek, dasturda “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari reglamenti to‘g‘risida” (may oyigacha) va “Xalq deputatlari Kengashlari nazorati to‘g‘risida” (sentyabr oyigacha) qonun loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan.

Yil oxirigacha mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga doir qonun loyihasi tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Top