19:06 / 07.02.2022
62231

Xorazmda prezidentni mast holda haqorat qilgan shaxs 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Hazorasp tumani sudi fuqaro S.B.ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Foto: Pixabay

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning jinoyat ishi materiallariga tayanib, xabar berishicha, 31 yoshdagi fuqaro Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Blogerlar birlashmasi» nomli guruhga a’zo bo‘lib, mazkur guruhda O‘zbekiston Respublikasining sobiq hamda amaldagi prezidentlarini haqoratlovchi va obro‘sizlantiruvchi mazmunda to‘g‘ridan to‘g‘ri videomateriallar e’lon qilgan.

Sud-lingvistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur materiallar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikni ifodalaydi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, fuqaro mazkur jinoyatni og‘irlashtiruvchi, ya’ni mast holatda takroran sodir etgan.      

Mazkur ma’lumotni tasdiqlagan Xorazm viloyati sudi matbuot xizmati hukm qonuniy kuchga kirishi uchun 20 kunlik muddat berilgani, javobgar taraf apellyatsiya shikoyati bermoqchiligini bildirdi.

2021 yil aprel oyida YouTube va Facebook tarmoqlaridagi profillari orqali O‘zbekiston prezidentini haqoratlab, davlat rahbarining obro‘siga putur yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatib, tuhmat qilib kelgan Baxmal tumanida yashovchi V.K.ga nisbatan DXX Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan JK 158-moddasi 3-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. V.K. keyinchalik sud tibbiyot ekspertizasi tomonidan aqliy nosog‘lom deb topilib, Samarqand shahridagi 1-sonli psixatriya shifoxonasiga majburiy davolash uchun yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 30 mart kuni Jinoyat kodeksining 158-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga asosan O‘zbekiston prezidentini internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid
Top