16:00 / 14.02.2022
10984

Abdulla Qodiriy bog‘ida 64ta daraxt ko‘chirildi, yana bir bog‘ning taqdiri noma’lum

TTZdagi bog‘ xavf ostida bo‘lishi mumkin, hokimlik hamon masalaga aniqlik kiritmayapti. Ayni paytda, Abdulla Qodiriy bog‘ining sotib yuborilgan qismida o‘nlab daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilgan, bu esa navbatdagi xavotirli savollarni uyg‘otmoqda.

“Abgor manzillar” loyihasi doirasida yoritilgan turli manzillarda voqealar qanday tus olayotganiga qiziqib boramiz. Loyihamizning bu sonida biz avvalroq yoritganimiz manzillarga bordik va ahvol bilan tanishishga qaror qildik – xo‘sh, kameramiz yo‘naltirilgan va ommaga olib chiqilgan manzil-makonlarda o‘zgarishlar bormi?

TTZdagi bog‘ hamon abgor ahvolda. Uni nima kutayotgani noma’lum

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani, TTZ mavzesidagi G‘afur G‘ulom bog‘i shoxobchasidan tayyorlagan tanqidiy lavhamiz, aftidan, mas’ullarga yetarlicha ta’sir qilmagan chog‘i, parkda o‘zgarish deyarli ko‘rmadik. Bog‘ hududi qisman tozalanganini aytmaganda, eski, singan charxpalaklar bo‘laklari-yu chirigan to‘nkalar, buzilgan binolardan qolgan xarobalar o‘z joyida. Afsuski, tuman hokimligi bu bog‘ borasida biror bayonot bermadi, Yuzrabot mahallasi raisi esa bog‘ kelgusida eko-parkka aylantirilishi haqida avval ham aytgan gaplarini takrorladi.

Bu bog‘ nima uchun bu ahvolga solib qo‘yilgani, uni kelgusida nima kutayotgani haqida Kun.uz Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qilganida, rasmiy so‘rov yuborish so‘ralgan edi. Biroq oradan qariyb ikki oy vaqt o‘tdi hamki, rasmiy so‘rovimizga javob bo‘lmadi.

Ishqilib, biz qo‘rqayotgan holat sodir bo‘lmasin, ya’ni park hududi biror “domqurar”ga sotib yuborilmagan bo‘lsin. Ta’bimizni xira qilgan manzarani videolavhada tomosha qilishingiz mumkin.

Qorasuv kanali bo‘yi obodonlashtirilmoqda

Keyingi manzil – Yashnobod tumanidagi Qorasuv kanali bo‘ylari, “Do‘stlik” bog‘i yaqinidagi maskan bo‘ldi. Bu yerda suv bo‘yidagi daraxtlar tagi betonlab tashlangani haqida lavha tayyorlagan edik. Ko‘rsatuvdan keyin tuman hokimligi va kanallarga mas’ul bo‘lgan tashkilot xodimlari zudlik bilan reaksiya ko‘rsatib, ayrim daraxtlar tagini ochishganiga guvoh bo‘ldik.

Shuningdek, kanal uzra o‘tgan eski ko‘prik buzib tashlangani va yangisi qurilayotgani ustidan chiqdik. Avval ma’lumot berilganidek, kanalning atrofini obodonlashtirish ishlarining ikkinchi bosqichi boshlangan.

Abdulla Qodiriy bog‘i tartibga keltirilmoqda, qurilish bo‘ladigan joydan o‘nlab daraxtlar ko‘chirilgan

Navbat Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ga. Bu makonda bizning dilimizni xira qilgan jihatlarni ko‘rsatgandik, bu haqda gapirgan, munosabat bildirgandik. Xususan, bog‘ning katta qismi investitsiya va biznesni rag‘batlantirish niqobi ostida shahar hokimligi tomonidan sotib yuborilgan, perimetr bo‘ylab mehmonxonalar-u yana allaqanday binolar qurilayotgani haqida ma’lumot bergan edik.

Bog‘ning qolgan qismini obodonlashtirish va avvalgi holatiga qaytarish, xalq uchun foydalanishga topshirish vazifasi “Olmazor biznes siti” direksiyasiga yuklatilgan edi. Tashkilot xodimlari oradan o‘tgan vaqt davomida parkda ozmi-ko‘pmi ishlar qilganiga guvoh bo‘ldik. Yo‘laklar ozoda, orasta qilib qo‘yilgan, ayrim qismlari yangilangan, hududdan chiqindilar, singan daraxt shoxlari, eski temir va beton bo‘laklari olib chiqib ketilgan, yangi daraxtlar ekilgan, ayrim daraxtlarning shoxlari butab, parvarish qilingan. Bu ishlar hamon davom etmoqda.

Direksiya xodimi bizga bahor mavsumida sug‘orish tizimi butkul yangilanishini, keyingi bosqichda park hududidagi inshootlar tadbirkorlarga berilishini, bog‘ attraksionlardan xoli hudud bo‘lishini ma’lum qildi. Ekotizimi o‘lgan bog‘ga qushlar, demakki, turfa hasharotlar va hatto o‘rdaklar qaytganini ko‘rdik.

Xuddi shu bog‘ hududidan yer sotib olib, qurilish qilmoqchi bo‘lgan xitoylik investorlarga tegishli Wan Li nomli firma yodingizdami? Bu firma vakili o‘z hududida qurilishga tayyorgarlik ishlarini boshlab, xatlangan 177 tup daraxtning 64 tupini park hududidan boshqa yerga ko‘chirib o‘tqazganini ma’lum qildi. Kompaniya qurilish tugaguncha ham biror daraxtga ziyon yetkazilmasligi, ko‘chirilgan daraxtlar ko‘karib ketguncha parvarishlanishi, shuningdek yana ko‘plab manzarali ko‘chatlar o‘tqazilishini aytmoqda.

Daraxtlar ko‘chirib o‘tqazilgani masalasida bizda bir nechta savollar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston sharoitida ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarning yashab ketishi ehtimoli qanchalik? Agar yashab ketmasa va qurib qolsa, buning uchun javobgarlik belgilashning huquqiy mexanizmi bormi? Umuman, daraxt ko‘chirish – daraxt kesishga qo‘yilgan moratoriyni aylanib o‘tish vositasiga aylanib qolmaydimi?

Biz e’tibordan chetda qolayotgan manzillar, jumladan, TTZdagi bog‘ va Abdulla Qodiriy bog‘idagi holat bo‘yicha mas’ullardan javob kutamiz. “Abgor manzillar” ijodkorlari o‘zlari yoritgan manzillarga takror va takror borishdan charchamaydi. Toki yaxshi tomonga o‘zgarishlar bo‘lsin!

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top