21:40 / 16.02.2022
10844

«Sendan ugina, mendan buginami?» – Homiylik asosidagi qurilishlar bo‘yicha Toshkent shahar hokimligidan izoh so‘raldi

«Qurilish kompaniyalari o‘z malakasi, dunyoqarashi va qiladigan ishini avval biror maydonda ko‘rsatsa, biz keyinroq yana 15ta maydonni xuddi Kosmonavtlar maydonidagi kabi rekonstruksiya qilmoqchimiz», – deydi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanining Alisher Navoiy ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari bo‘yicha internetda shov-shuv ko‘tarilishi ortidan bugun, 16 fevral kuni poytaxt hokimligida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbir davomida Kun.uz muxbiri Toshkentdagi aksar qurilish-rekonstruksiya loyihalari turli kompaniyalar tomonidan homiylik asosida qilinayotgani va buning ortida «sendan ugina, mendan bugina» tamoyili yotgan bo‘lishi mumkinligi borasida hokimlik vakillariga savol bilan murojaat qildi.

Savolga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov izoh berdi.

Unga ko‘ra, Toshkentdagi Kosmonavtlar maydonida qilingan demontaj ishlari ham homiylik asosida boshlangan.

«Ularning ishi shahar aholisi va mehmonlarga ma’qul kelsa, keyin boshqa loyihalarni olishi mumkin. Hozir boshqa tumanlarda ham shu ko‘rinishda ishlar boshlangan», – dedi u.

 Jurnalist hokim o‘rinbosari javobidan keyin unga har qanday loyiha qurilish kompaniyalariga teng imkoniyat yaratgan holda, tender natijalari orqali amalga oshirilishi kerak emasmi, deya takror savol bilan yuzlandi.

«Yo‘q, ular o‘z loyihasini bepul ko‘rsatmoqchi. Ya’ni ular paket olish uchun harakat qilishadi. Bu xalqaro tajriba», – deya vaziyatni tushuntirishga harakat qildi hokim o‘rinbsoari.

Mavzuga oid
Top