17:51 / 16.02.2022
25701

Toshkent viloyatida o‘g‘rilar bankomatni o‘g‘irlashdi, uning ichidan pul chiqmagach, daryoga oqizib yuborishdi

Bankomat 25 yanvardan 26 yanvarga o‘tar kechasi o‘g‘irlab ketilgan. Jinoyatchilar ichidan pul chiqmagan bankomatni Chirchiq daryosiga tashlab yuborishgan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida bankomatni o‘g‘irlab, daryoga tashlab yuborgan guruh qo‘lga olindi. IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, “Kapitalbank”ga tegishli bo‘lgan, O‘rta Chirchiq tumani Toshkent yo‘li ko‘chasiga o‘rnatilgan, bahosi 145 mln so‘mlik bankomat 2022 yilning 25 yanvaridan 26 yanvariga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘rtachirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida bankomatni O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D. hamda 24 yoshli E.A. bir guruh bo‘lib o‘g‘irlagani aniqlangan.

Tergov davomida qonunbuzarlar bankomatni temir jism yordamida buzib ochishgani, biroq uning ichida pul bo‘lmaganligi sababli bankomatni Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganini aytib berishgan.

Tergov departamentning axborot xizmati ayni paytda ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilayotgani haqida xabar bergan.

Top