10:41 / 17.02.2022
2588

«Mansabdor shaxslarga 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi» - Xorazm viloyati prokurori hisobot berdi

Xorazm viloyatida 2021 yilda mansabdor shaxslarga nisbatan 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 48 tasi bo‘yicha 56 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Foto: Xorazm viloyati prokuraturasi

Xorazm viloyati prokurori Botir Qudratxo‘jayev qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida 2021 yildagi faoliyati yuzasidan xalq deputatlari Kengashida hisobot berdi.

Hisobotda quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

Yil davomida nazorat sohasida o‘tkazilgan 198 ta tekshirish natijasida aniqlangan 762 ta qonun buzilishlar yuzasidan 599 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan, 423 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.

22 mingga yaqin shaxsning, shundan 21702 nafar voyaga yetmagan shaxsning huquqlari tiklangan.

195 nafar mas’ul intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 6 mln so‘m zarar ixtiyoriy undirilgan, jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 22 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 80 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazishda qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash maqsadida prokuratura organlarida 401 ta jinoyat ishi tergov qilinib, 279 nafar shaxsga nisbatan 206 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan, ular bo‘yicha 19,6 mlrd so‘m zarar undirilgan.

Surishtiruv va tergov organlarining 1740 nafar shaxsga nisbatan 1396 ta jinoyat ishi o‘rganilib, sudlarga yuborilgan. Qonunga zid bo‘lgan 1440 ta protsessual qarorlar, shu jumladan, tergovni to‘xtatish to‘g‘risidagi 31 ta, jinoyat ishini tugatish haqidagi 52 ta, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 1357 ta qarorlar bekor qilingan, shundan 214 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Zarur protsessual harakatlarni o‘tkazish haqida 1653 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mansabdor shaxslarga nisbatan 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 48 tasi bo‘yicha 56 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida 790 mlrd so‘m qarzdorlik undirilgan. Davlat foydasiga 348 mlrd so‘m undirilishi ta’minlangan.

Tadbirkorlarni qo‘llab – quvvatlash, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, mamlakatda qulay biznes muhitini yaratish maqsadida 1540 ta tadbirkor va investorlarga, shu jumladan 643 nafariga kredit, 31 nafariga yer maydoni, 9 nafariga bino ajratilishida, 341 nafariga kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishida, 76 nafariga litsenziya va ruxsatnomalar berilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan. 

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi doirasida mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan. Dasturdagi vazifalar uchun jami 1 trln 469 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan, bugungi kunda barcha manbalar hisobidan 1 trln 126 mlrd so‘mlik (77 %) qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Top