17:58 / 21.02.2022
7023

Moliya vaziri o‘rinbosari Andijonda davlat xaridlariga oid qonundagi yangi o‘zgarishlar yuzasidan anjuman o‘tkazdi

Foto: KUN.UZ

2021 yil 22 aprelda qabul qilingan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning asosiy maqsadlaridan biri - davlat xaridlari sohasini, undagi jarayonlarni davlat tomonidan tartibga solishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan mazkur qonun mazmun-mohiyatini yoritish, sohadagi yangiliklarni jamoatchilikka keng targ‘ib qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 17 fevral kuni Andijon viloyat moliya boshqarmasida moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isaqov ishtirokida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va undagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan budjet tashkilotlari hisobchilari va masalaga daxldor mas’ul mutaxassislar ishtirok etdilar. Bunda asosiy e’tibor davlat xaridlaridagi yangiliklar, ularning afzalliklari va qulayliklariga qaratildi.

Shuningdek, budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, ochiqlik va shaffoflik, raqobatning mavjudligi, davlat xaridlari tizimining yagona-yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari birma-bir tushuntirib o‘tildi.

2022 yilning 1 yanvaridan boshlab davlat buyurtmachilariga eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolari bo‘yicha xaridlar elektron savdolar orqali amalga oshirish tizimi joriy etilishi ushbu sohada inson omili qatnashish jarayonini kamaytirganligi va bu orqali vujudga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xolatlarning oldi olinishi qayd etildi.

Savol-javob tarzida o‘tgan davra suhbatida budjet tashkilotlari bosh hisobchilarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan batafsil tushunchalar berildi. Davlat xaridlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama qilindi.

Elmurod Ermatov va Azizbek Ismoilov tayyorladi

Top