17:23 / 26.02.2022
17925

Prokuror Oltiariq tumani hokimi etib tayinlandi

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, tashkiliy masala ko‘rildi.

Sessiyada shu paytgacha Rishton tumani prokurori bo‘lib ishlab kelgan Turdaliyev Shamsiddin Asqaraliyevich Oltiariq tumani hokimi etib tayinlandi.

Shamsiddin Turdaliyev 1979 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan, O‘zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik yo‘nalishini tamomlagan. Hozirda Adliya katta maslahatchisi unvoniga ega.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Mehnat faoliyatini 2003 yilda Farg‘ona shahar prokuraturasida boshlagan. 2006-2011, 2016-2017 yillar oralig‘ida Farg‘ona viloyat prokuraturasida katta tergovchi, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan. 2011-2016 yillarda Beshariq tumani prokurori, 2017-2018 yillarda Dang‘ara tumani prokurori, 2018 yilda Qo‘qon shahar prokurori bo‘lgan.

2018-2019 yillarda Xorazm viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari, 2019-2021 yillarda Farg‘ona viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2021 yil 2 fevraldan bugungi tayinlovga qadar Rishton tumani prokurori bo‘lib ishlab kelgan.

Oltiariq tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Xolmirza Niyozov joriy yil 7 fevralda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Top