00:07 / 01.03.2022
23160

UYeFA «Gazprom» bilan kelishuvni bekor qilganini e’lon qildi

Foto: Chempionat

UYeFA Ukrainadagi voqealar ortidan Rossiyaning yirik kompaniyasi «Gazprom» bilan hamkorlik kelishuvini bekor qilganini rasman e’lon qildi.

Tashkilot bugun, 28 fevral kungi yig‘ilishda «Gazprom» bilan barcha turnirlardagi kelishuvi va homiylik shartnomalarini bekor qilganini ma’lum qilgan. Qaror zudlik bilan kuchga kiradi.

Shu tariqa, UYeFA «Gazprom» bilan Chempionlar ligasi, milliy jamoalar ishtirokidagi saralash bosqich bahslari va Yevro-2024 o‘yinlari doirasidagi hamkorlikni to‘xtatdi.

Avvalroq, FIFA va UYeFA Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari sababli mamlakat milliy jamoalari hamda klublarini barcha xalqaro futbol turnirlaridan chetlatganini e’lon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, UYeFA va Rossiyaning yirik energetika kompaniyasi o‘rtasidagi shartnoma 2021 yilning may oyida uzaytirilib, unga ko‘ra Yevropa futbol ittifoqi «Gazprom» bilan hamkorlikdan yiliga 40 million yevrogacha daromad topishi aytilgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top