13:00 / 02.03.2022
59956

Donbassda so‘nggi sakkiz yilda nimalar bo‘lgandi? Mojaroning qisqacha tarixi suratlarda

Donbassdagi qarama-qarshilik 2014 yil bahorida, Sharqiy Ukraina aholisining bir qismi Kiyevda hokimiyat inqilobiy yo‘l bilan almashinuvini qabul qilmasligi ortidan boshlangandi. Aprel oyi mobaynida Xarkov, Donetsk va Luganskda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan xalq respublikalari yuzaga keladi. Kiyev IIV kuchlari orqali Xarkov ustidan nazoratni tezda tiklaydi. Donetsk va Lugansk oblastlarida esa to‘laqonli fuqarolik urushi yetilib keladi, qolaversa DXR va LXR Rossiyaning qo‘llab-quvvatlovidan foydalanadi — ochiqchasiga ham, maxfiy ravishda ham, ruhan va moddiy jihatdan ham. Rasman mazkur mojaroning «qaynoq» bosqichi 2015 yil 12 fevralida Minsk kelishuvlari bilan yakunlanadi, garchi kelishuvdan keyin ham o‘zaro to‘qnashuvlar va otishmalar davom etgan bo‘lsa ham. Yetti yil mobaynida ziddiyat «muzlatilgan» ko‘rinishida edi — bu jahon siyosatida kamyob holat. Amerikalik fotosuratchi Brendan Hoffman bu yillar davomida qarama-qarshilikning turli tomonlarida turib qolgan odamlarni — qurollilarni ham, qurolsizlarni ham suratga olib kelgan.

«DXR» tarafdorlari 2014 yil 4 mayida Donetskdagi harbiy prokuratura binosini egallashadi. Undan oldingi bir necha hafta davomida Ukraina sharqidagi qator shaharlar rusparast faollar nazoratiga o‘tgandi. Donetsk oblastining Slavyansk shahri ma’muriy binolari Rossiya hududidan kelgan, Igor Strelkov (Girkin) boshchiligidagi 50 chog‘li kishi tomonidan egallanadi - u biznesmen Konstantin Malofeyevning xavfsizlik xizmati boshlig‘i edi. Ukraina hukumati 7 aprel kuni mamlakat sharqida aksilterror amaliyot boshlangani haqida e’lon qiladi. 

Donetskdagi harbiy prokuratura binosi oldida, 2014 yil 4 may. Bu «DXR» tarafdorlari tomonidan egallangan so‘nggi ma’muriy binolardan biri bo‘lgandi. 7 aprel kuni «Xalq respublikasi» tuziladi. 11 may kuni referendum o‘tkazilib, uning yakunlariga ko‘ra keyingi kuni mustaqillik e’lon qilinadi. O‘shanda uni hech kim tan olmagan — hatto Rossiya ham, garchi rasmiy Moskva «DXR»ga yaqqol xayrixohlik bildirgan bo‘lsa ham.

2014 yil 9 may kuni Mariupolda mahalliy militsiya binosi uchun jang bo‘lib o‘tadi. «DXR» ayirmachilari Ukraina Milliy gvardiyasi qismini shahardan haydab chiqaradi, hukumat kuchlarining bir necha texnikasi tashlab ketiladi. Suratda ayirmachilar shu texnikalardan birini shahar maydoni tomon o‘lja sifatida olib ketishmoqda. 

12 may kuni Mariupolda IIBB binosi oldidagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlarni dafn etish marosimi o‘tkaziladi. Qurbonlar orasida ayirmachilardan tashqari, 9 may kungi mitingning qurolsiz ishtirokchilari ham bo‘lgan.

Ko‘ngillilar bataloni bo‘lgan «Donbass» jangchilari Dnepropetrovsk oblastidagi mashg‘ulot lageriga yo‘l olmoqda. 2014 yil bahorida Ukrainaning turli qismlarida bir nechta shu kabi qurolli tuzilmalar paydo bo‘ldi: ularning bir qismi — «xalq respublika»lari mustaqilligi yoki ularning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi, qolganlari (jumladan «Donbass» bataloni) — sharqdagi oblastlarni Ukraina tarkibida saqlab qolish uchun kurashardi.

2014 yil 17 iyulida Donetsk oblastining Grabova qishlog‘i hududida urib tushirilgan Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti yo‘lovchisining jasadi. Samolyot Amsterdamdan Kuala-Lumpurga MH17 reysini amalga oshirgan. Uni «Buk» orqali urib tushirishgan. 283 yo‘lovchi va ekipajning 15 a’zosi halok bo‘lgan, hech kim omon qolmagan. Niderlandiyalik tergovchilar raketa «DXR» nazoratidagi hududdan uchirilgan, degan xulosaga kelishgan, «Buk» Rossiya qurolli kuchlariga tegishli bo‘lgan. Rossiya tomoni ushbu hodisaga har qanday aloqadorligini inkor etadi.

2014 yil iyuli oxiridagi artilleriya zarbalaridan keyin Donetskdagi ko‘rinish. Bu vaqtga kelib «DXR» kuchlari Slavyansk, Kramatorsk va Donetsk oblastidagi Donetsk shahriga yaqin bir qancha hududlarni tark etgandi. Ukraina qurolli kuchlari baribir Rossiya chegarasigacha bo‘lgan hududni to‘liq qaytarib ololmadi: ularning ilg‘or qismlari avgust oyida Ilovaysk ostonasida qurshovga tushib qoldi. «DXR»ning qarshi hujumlarida rossiyalik harbiylar qatnashdi (buni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublika bosh vaziri Aleksandr Zaxarchenko tan olgandi), ular formal jihatdan «ta’tilga chiqarilganida» bu yerga kelgan. Natijada «DXR» va «LXR» saqlab qolindi. 5 sentabr kuni Ukraina, Rossiya, «DXR» va «LXR» vakillari Minskda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzolashdi.

 Ukrainalik harbiylar o‘z bazasida dam olmoqda. 2014 yil noyabri, Donetsk aeroporti uchun janglar avjiga chiqqan palla.

Donetsk aeroporti yaqinidagi Peski posyolkasi (xandaqdan ko‘rinish). Ukrainalik harbiylar aeroport ustidan nazoratni 2014 yil bahoridan o‘zida saqlab qolayotgandi. «DXR» kuchlari bir necha bor ularni aeroport hududidan siqib chiqarishga uringan, ammo bu urinishlarning barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Intensiv janglar 2014 yil avgusti oxiridan 2015 yil yanvariga qadar davom etgan. Yakunda aeroport «DXR» qo‘liga o‘tgan. Uni egallash uchun janglarda ikki tomondan bir yarim mingga yaqin kishi halok bo‘lgan.

 Lenin haykaliga munosabat Donbassdagi mojaroda qaysi tomonga sodiqlikni ifodalovchi muhim ko‘rsatkich bo‘lgan.

 Donetsk, 2015 yil 3 fevral.

Ukraina armiyasining chekinishidan keyin Debalsevodagi yo‘l. Debalsevo — Donetsk va Lugansk oblastlaridagi shahar. Ukrain harbiylari «DXR»ni «LXR»dan uzib qo‘yish uchun shaharni o‘z nazoratida saqlab qolishga uringan. Ammo «DXR» va «LXR» kuchlari (yana rossiyalik «ta’tilchilar» yordamida) 2015 yil yanvar — fevral oylaridagi janglardan keyin uni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Lugansk oblastining Novotoshkovskoye posyolkasida 2015 yil 21 fevralida bo‘lib o‘tgan asirlar almashinuvi vaqtida ukrain harbiylari. Bu protsedura 12 fevral kuni Ukraina, Rossiya, YeXHT, «DXR» va «LXR» vakillari tomonidan imzolangan va BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ikkinchi Minsk kelishuvlarida nazarda tutilgandi. Bu kelishuv Ukraina sharqidagi mojaroni harbiy maydondan siyosiy maydonga olib o‘tishi kutilgandi. 

DXR yoki LXR jangchilari Novotoshkovskoyedagi asirlar almashinuvi vaqtida. Minsk kelishuvlari imzolanganidan keyingi yetti yil mobaynida tutashuv chizig‘ida ko‘p bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzildi, tomonlar bunda bir-birini ayblab kelishdi.

«Dnepr-1» batalonining Dyadya Vova laqabli jangchisi, Donetsk oblastining Pervomayskoye posyolkasi, 2015 yil 19 mart. Ukraina kuchlari Donetsk aeroporti va Peskidan chekingach, Pervomayskoye — G‘arbga olib boruvchi yo‘ldagi navbatdagi aholi punkti edi.

Lugansk oblastidagi Troitskoye posyolkasi, 2015 yil 11 dekabr. Qizil xoch jamiyati tomonidan yetkazilgan insonparvarlik yordami taqsimlanishi.

Do‘kondan Donetsk oblasti Pavlopol qishlog‘idagi o‘z pozitsiyalariga qaytayotgan ukrain askarlari.

Donetsk aeroporti, 2016 yil 22 mart. O‘shanda aeroport «DXR» nazoratiga o‘tganiga bir yildan oshgan, ammo uni tiklash bo‘yicha ishlar olib borilmagandi.

Avdeyevka, Donetsk oblasti, 2017 yil 1 fevral. 60 yoshli Yekaterina Volkova do‘konga chiqqanida «DXR» tomondan kelgan zarba tufayli halok bo‘ladi. Uni qizi Nadejda topadi. Avdeyevka tutashuv chizig‘ida joylashgan, vaziyatning har qanday keskinlashuvi uning aholisi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. 

Avdeyevkadagi Ukraina tanki, 2017 yil 2 fevral.

Donetskdagi tramvay, 2017 yil 21 aprel. Ziddiyat boshlanishidan avval shaharda millionga yaqin kishi yashardi. Ko‘plar uni tark etdi, ammo bu hamon yirik shahar. Front chizig‘i uning atrofidan o‘tgan. 

Berdyansk, Donetsk oblasti («DXR»), 2018 yil 30 iyun. Hosil yig‘imi. 

Olesya Gadarina so o‘z tulpori bilan. Mariupol, 2018 yil 5 dekabr. Ularning ortida — «Azovstal» zavodi. Azov dengizida vaziyat keskinlashgach, Mariupol portida tovar aylanmasi keskin qisqargan, shu tufayli zavod o‘z mahsulotlarini sotishda katta qiyinchiliklarga duch kelgan.

Lugansk oblastining Schaste shahrida tutashuv chizig‘idagi bunkerda turgan ukrain askari. 2021 yil 16 aprel. Mart oyi oxirlaridan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishi boshlandi. Aprel oyi boshida Rossiya chegarada ulkan qo‘shin to‘plashga kirishdi.

Rossiya chegarachi kemasi Azov dengizida (Ukraina chegarachi kemasidan ko‘rinish), 2021 yil aprel. O‘shanda keskinlik tinchlik bilan yakunlangandi: aprel oxirida vaziyat odatiy tartibiga qaytgandi. O‘shanda Vladimir Putinning Amerika prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvi arafasida Rossiya o‘z kuchlarini ko‘rsatib qo‘yish uchun Ukraina chegarasiga keltirgani aytilgandi.

Marinka shahri (tepada) va Donetsk oblastidagi Gnutovo qishlog‘i 2015 yildan keyin amalda tutashuv chizig‘i ustiga turib qolgan. Ayrim holatlarda bu hududlar aholisi dalada ishlay turib, minada portlab ketgan.

Donetsk oblastidagi Granitoye qishlog‘ida tanklarga qarshi to‘siqlar. Ukrain armiyasi bu yerni 2014 yilda egallagan. 2021 yilda Ukraina tomoni aynan shu yerda ilk bor turklar tomonidan ishlab chiqarilgan Bayraktar zarbdor dronlarini joylashtirgandi. 2022 yil 28 fevral kuni «DXR» rahbari Denis Pushilin Granitnoye posyolkasi ma’muriyati binosiga «DXR» bayrog‘ini o‘rnatdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top