09:41 / 02.03.2022
10123

Jahon banki Afg‘onistonga muzlatib qo‘yilgan 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni ishlatishga qaror qildi

Mablag‘lar «BMT alohida tuzilmalari va xalqaro nohukumat tashkilotlarga yo‘naltiriladi», deyiladi bank bayonotida.

Foto: Getty Images

Jahon banki direktorlar kengashi seshanba kuni Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan va muzlatib qo‘yilgan 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ni qator muassasalar va gumanitar yordam tashkilotlariga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda Jahon banki saytida chop etilgan bayonotda aytiladi.

«Jahon banki direktorlar kengashi bugun Afg‘onistonni tiklash jamg‘armasi va xalqaro hamjamiyat donorlari so‘rovi munosabati bilan afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengaytirilgan yondashuvni ma’qulladi», — deyiladi hujjatda. 

Rejaga ko‘ra, Afg‘oniston tiklanish jamg‘armasidan grant oluvchilar sifatida BMTning alohida tuzilmalari va xalqaro nohukumat tashkilotlarga 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Hujjatda aytilishicha, bu mablag‘lar «Tolibon» harakati tomonidan tuzilgan Afg‘oniston muvaqqat hukumati nazoratidan tashqarida bo‘ladi. Qayd etilishicha, mablag‘lar turli dasturlarga, jumladan, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiriladi.

2021 yil dekabr oyida Jahon banki direktorlar kengashi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan va muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan ikki gumanitar yordam tashkilotiga 280 million dollar o‘tkazishga qaror qilgandi. Gap Jahon oziq-ovqat dasturi va BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) haqida bormoqda.

Top