11:49 / 03.03.2022
874

Jizzaxda yuk mashinasi urib yuborgan mast piyoda vafot etdi

Piyoda sherigi bilan katta yo‘l yoqasidagi oshxonada spirtli ichimlik iste’mol qilgan va mast holda yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan.

Jizzax viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 28 fevral kuni soat 5:15larda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumani Yoyilma mahallasi hududidan o‘tgan 974-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi shaxs boshqaruvida bo‘lgan Isuzu yuk mashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda Zarbdor tumani “Andijon” MFYda yashovchi piyoda og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, vafot etgan shaxs avval sherigi bilan katta yo‘l yoqasidagi oshxonada spirtli ichimlik iste’mol qilgan. So‘ng u katta yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan. Haydovchi yuk mashinasini to‘xtatishga ulgurmagan va mast piyodani urib yuborgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top