10:09 / 04.03.2022
15273

DXXga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs DXX tomonidan qo‘lga olindi 

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

DXX xabariga ko‘ra, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganligi uchun bir necha bor sudlangan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali fuqaroni DXX idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining harbiy xizmatchisi o‘zganing ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning farzandini ichki ishlar idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryo viloyati Baxt shahrida yashovchi, sobiq ichki ishlar xodimi, o‘zini go‘yoki Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasida ishlovchi xodimi sifatida tanishtirib, Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga, undan 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va IJQK Departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Milliy gvardiyaga pul evaziga ishga kiritib qo‘yish holati Qashqadaryo viloyatida ham qayd etildi. Muqaddam Mudofaa vazirligi tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan, Qarshi shahrida yashovchi shaxs 1995 yilda tug‘ilgan fuqaroni Milliy gvardiyaga ishga kirishida yordam berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top