15:47 / 05.03.2022
8121

Uchquduq hokimligi mansabdorlari davlat imtiyozini suiiste’mol qilgani aniqlandi

Aslida tumanda yashamagan 33 nafar shaxsga tumandagi mahallalarda yashaganligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirilib, shundan 25 nafarini oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kiritishgan. Buning oqibatida davlat budjetiga 650 mln so‘m zarar yetgan.

Prezidentning 2017 yil 25 apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida olis cho‘l hududida kamida uch yildan ortiq yashagan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, agentlik tomonidan mazkur qaror talablarining ijrosi yuzasidan Uchquduq tumanida o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganishlar davomida Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar 33 nafar shaxsga cho‘l hududida joylashgan Yo‘lchilar, Ko‘kpatas va Ko‘kayaz ovullarida uch yil davomida yashaganligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirib berganligi aniqlangan. Mazkur shaxslarning 25 nafari OTMlarga davlat granti asosida o‘qishga kirgan. Oqibatda hokimlik mansabdorlari ushbu talabalarning grant asosida o‘qishi uchun amalda 650 mln so‘m budjet mablag‘larining sarflanishiga sababchi bo‘lgan va davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan hokimlik mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top