18:16 / 07.03.2022
5865

Toshkentda Matiz haydovchisi inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketishga urindi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tungi reyd tadbiri davomida Matiz rusumidagi avtomobil haydovchisi inspektorning ishorasiga bo‘ysunmasdan qochib ketishga uringan. Natijada mashina majburiy tartibda to‘xtatilgan.

Toshkent shahar IIBB YHHBning ma’lum qilishicha, Uchtepa tumanining Lutfiy – Shirin ko‘chalari kesishgan chorrahada Matiz rusumidagi avtomobil haydovchisi yo‘l harakati xizmati inspektorining jizel orqali to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketishga uringan. Ushbu avtomobil keyingi chorrahada Toshkent shahar IIBB maxsus xizmati xodimlari tomonidan majburan to‘xtatilganda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hech qanday hujjatni taqdim eta olmaydi.

UzReport telekanalining “No Comment” dasturi orqali efirga uzatilgan tasvirlarda haydovchi majburan to‘xtatilganidan keyin ham inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysunmagani, kimlargadir qo‘ng‘iroq qilib vaziyatdan chiqib ketmoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin.

“Hujjatlarim yonimda yo‘q. [Ayolimning] mazasi bo‘lmayotgani uchun shoshilib ketayotgandim. [Inspektor] meni to‘xtatganlarini ko‘rganim yo‘q”, deydi o‘zini Izzat deya tanishtirgan haydovchi.

“Agar haydovchi to‘xtash haqidagi ishoramizga bo‘ysunib to‘xtaganida va vaziyatni tushuntirganida, ya’ni ayoli tibbiy yordamga muhtoj ekanini aytganida, yo‘l patrul xizmati mashinasida ushbu mashina eng yaqin masofadagi shifoxonagacha kuzatib borilardi. Hozirgi vaziyatda transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi va qonuniy talabimizga bo‘ysunmagani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va avtomobil jarima maydoniga joylashtiriladi”, deya tushuntirish berdi yo‘l harakati xizmati inspektori.

Avval ham Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o‘tkazilgan tungi reyd tadbirlari davomida inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketishga uringan Gentra, Malibu va Mercedes haydovchilariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan edi.

Top