17:44 / 08.03.2022
87350

Zelenskiy - ultimatumlarga rozi emasligi, Kremlning shartlari va NATOdan sovigani haqida

Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Amerikaning ABC telekanaliga intervyu berdi. Unda prezident Qrim va Donbass masalasida muzokaraga tayyorligi, biroq ultimatumlarni rad etishini aytdi. Zelenskiyning fikricha, Putin “kislorodsiz axborot pufagida” yashamoqda va unga kiritilayotgan ma’lumotlarning qanchalik haqqoniy ekani urushning borishida muhim rol o‘ynaydi.

— Mamlakatdagi hozirgi vaziyat qanday, poytaxt Kiyevni qancha vaqt tutib tura olasizlar?

— Nafaqat Kiyev shahri va aholi yashash mavzelari, balki Kiyev atrofidagi tumanlar ham bombardimon qilinyapti. Poytaxtimiz qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Xarkov, Vinnitsa, Odessa, Jitomir, Chernigov, Mariupol – ko‘p shaharlarimiz bombalar ostida qoldi.

— Rossiya armiyasining katta qismi Ukraina atrofiga olib kelingan. Ukraina xalqi va armiyasi Rossiyani qanday to‘xtatib qola oladi?

Ishonchim komil, ukrainaliklar butun hayotlari davomida Rossiya bosqiniga qarshi turish uchun tayyorlanib kelishgan. Rossiya harbiylari okkupatsiya qilgan shaharlarda oddiy aholi, hech qanday qurolsiz ularga qarshi chiqishmoqda. Bu – jasorat.

Muammo shundaki, Ukrainaning bir nafar askariga o‘n nafar Rossiya askari to‘g‘ri keladi. Bitta Ukraina tankiga esa ellikta rus tanki. Biz ularni yo‘q qilyapmiz va bu farq qisqaryapti. Biroq biz qancha vaqt qarshi tura olishimizga kelsak, ko‘p narsa faqat bizgagina bog‘liq emas. Ular butun mamlakatni egallab olgan taqdirda ham, urush isyonlar bilan davom etaveradi, chunki hech kim mustaqilligimizni berib qo‘ymaydi.

Bugun urush bizning mamlakatimizda bo‘lyapti, [agar Rossiya to‘xtatilmasa] ertaga Litva, Daniya, Polsha, Germaniyada bo‘lmaydi deb aytib bo‘lmaydi.

— Kuni kecha Kreml urushni to‘xtatish shartlarini aytdi. Ularning aytishicha, Ukraina Konstitutsiyasini o‘zgartirib, NATOga kirish maqsadidan voz kechishi, Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi hamda Ukraina sharqidagi ayirmachi hududlar mustaqilligini tan olishi kerak. Bu borada hozir Vladimir Putinga nima degan bo‘lardingiz?

— Birinchidan, men muloqotga tayyorman. Biz kapitulyatsiyaga tayyor emasmiz. Gap menda emas, bu – meni saylagan xalq bilan bog‘liq.

NATOga kelsak, ancha avvalroq – alyans Rossiya bilan o‘rtasida ziddiyat kelib chiqishi ehtimoli sabab Ukrainani o‘z tarkibiga qabul qilishga tayyor emasligini tushungan paytimdayoq NATOdan hafsalam pir bo‘lgan. Biz hech qachon tiz cho‘kib yolvoradigan davlat bo‘lishni istamaymiz, men ham bunday prezident bo‘lishni xohlamayman.

— Kremlning uchta sharti – NATOga kirishdan voz kechish, Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, Ukraina sharqidagi ikkita respublika mustaqilligini tan olish. Putinga nima degan bo‘lardingiz, urushni siz boshlamaganingiz va bu shartlarga rozi emasligingizni aytasizmi?

— Men xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapman. Okkupatsiya qilingan hududlar va tan olinmagan respublikalar – ularni Rossiyadan boshqa hech kim tan olgani yo‘q – masalalarini muhokama qilib, bu hududlar kelgusida qanday hayot kechirishi borasida kelishuvga erisha olamiz, deb o‘ylayman. Men uchun muhimi – bu yerlarda yashovchi, lekin Ukrainaning bir qismi bo‘lishni istovchi aholi qanday yashaydi?

Masala shunchaki tan olish yoki tan olmaslikdan ko‘ra murakkabroq. Bu – navbatdagi ultimatum. Biz ultimatumlarga tayyor emasmiz. Nima qilish kerak – prezident Putin kislorodsiz axborot pufagida yashashning o‘rniga, gapirishdan to‘xtab muloqotga o‘tishi kerak. Menimcha, u aynan shunday vaziyatda. U o‘zining qobig‘iga o‘ralib qolgan. U ma’lumotlarni olib turibdi, lekin bu ma’lumotlar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmaymiz.

— AQSh prezidenti Jo Bayden bilan yana bir bor gaplashdingiz. Ayting-chi, siz hozir AQShdan so‘rayotgan eng katta narsa nima?

— Men unga aytdimki, bugun biz uchun eng muhimi – havodagi xavfsizlik. Havo kengliklarimizda Rossiya faol bo‘lishiga qo‘yib bera olmaymiz, chunki ular bizni bombardimon qilishyapti; [Ukraina osmonida] raketalar, vertolyotlar, qiruvchi raketalar kabi ko‘plab texnikalardan foydalanishyapti.

— AQSh Ukraina osmonini harbiy parvozlar man etilgan hudud deb e’lon qilishni rad etmoqda. Bu qaror urushni hozirgi darajadan kengayishiga olib kelishi mumkinligi, NATO Rossiyaning Ukraina hududidagi uchuvchi qurilmalarini o‘qqa tutishiga to‘g‘ri kelishi ehtimolidan shunday qarorga kelinmoqda. Bu xavotirga qo‘shilasizmi?

— Rossiya uchuvchi qurilmalarini urib tushirish? Masalan, kecha Rossiya raketasi Xarkov shahridagi universitet va yotoqxonaga tushdi. Xuddi shunday raketa Kiyevdagi pediatriya klinikasiga ham tushdi. Bu raketalarni urib tushirish kerakmi-yo‘qmi, siz shunga ikkilanyapsizmi? Insonlar hayotini saqlab qolish uchun bu raketalar urib tushirilishi kerak, savolga bundan boshqa javob yo‘q. Bu raketalar talabalarga qarab otilganini bilib turgan amerika askarlari ularni urib tushirishga ikkilanmagan bo‘lar edi.

— Siz Putin tinch aholi manzillariga qasddan hujum uyushtiryapti deb hisoblaysizmi?

— Men nima deb hisoblashimning nima farqi bor? Natija bir xil-ku: odamlar o‘lyapti. Maktablar, bog‘chalar, universitetlar, yotoqxonalarga bomba tushyapti.

— Sizningcha, Putin urush jinoyatini sodir etdimi?

— Bizning mamlakatimizga kirib kelganlar, bunga buyruq berganlar, o‘q uzayotganlarning barchasi – urush jinoyatchilari.

— AQSh va G‘arb agar zarurat tug‘ilsa sizni qutqarib olish bo‘yicha taklif jo‘natgani rostmi? Siz qancha vaqt qolmoqchisiz?

— Ha, taklif qilishdi. Chunki ko‘plab ma’lumotlar bor edi, meni va oilamni o‘ldirish uchun bir nechta maxsus guruhlar yuborilgan edi. Men yo‘q dedim. Axir qanday qilib tashlab ketaman? Bu – mening vatanim. Men shu xalqning saylangan prezidentiman.

— Demak, nima bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainada qolasiz, shundaymi?

— Men barchasi Hollivud kinolaridagidek baxtli yakun topishini istayman.

— Putin Ukrainani denatsifikatsiya qilish haqida gapirmoqda. Bilamiz, siz yahudiysiz, ajdodlaringiz orasida Holokost vaqtida qurbon bo‘lganlar bor. Ukrainani denatsifikatsiya qilish haqida Putinga nima degan bo‘lardingiz?

— Hozirgi holatda denatsifikatsiya – ukrain millatiga zarba berishga teng. 1940 yillarda ham shunday bo‘lgan: Germaniyada yahudiy millatini denatsifikatsiya qilishga urinishgan. Bunday holat zamonaviy dunyoda bo‘layotganidan shokdaman.

— Yevropaliklarga murojaatingizda: “Biz qulasak, siz ham qulaysiz” dedingiz. Bu bilan nimani nazarda tutdingiz?

— Ukraina, tili va yashash joyidan qat’i nazar, zamonaviy dunyodagi barcha yoshdagi odamlar ishonadigan qadriyatlarni himoya qilyapti. Agar Rossiya ana shu qadriyatlarni barbod qilishiga yo‘l qo‘yib bersak, bu intiho bo‘ladi. Ukrainaliklar, shuningdek yevropaliklar ham ana o‘sha qadriyatlar uchun qalqon bo‘lishyapti. Biroq bu imtihondan aynan Ukraina xalqi o‘tyapti. Shunday ekan, bizga ko‘mak berishingiz zarur. Hozir Ukraina xalqi – butun Yevropaning soqchilariga aylangan.

— Hozir Putinga nima degan bo‘lardingiz?

— U o‘zi boshlagan urushni o‘zi to‘xtata oladi. Mabodo u “Urushni men boshlamaganman” deb hisoblasa ham, bitta muhim narsani bilishi kerak: u urushni to‘xtatish o‘zining qo‘lida ekanini inkor qila olmaydi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top