11:18 / 11.03.2022
6771

2021 yil korrupsion jinoyatlar oqibatida O‘zbekistonga 110 million dollardan ortiq zarar yetkazildi

2021 yilda O‘zbekistonda sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trillion 282 milliard so‘m (qariyb 118 million dollar) zarar yetkazilgan. Zararning 887 milliard so‘mi yoki 69,1 foizi undirilgan. Bu haqda 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yildagi faoliyatiga doir Jamoatchilik kengashi oldidagi hisobotida ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

«2021 yilda respublika bo‘yicha jami 5483 nafar shaxsga nisbatan 3769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan. 2020 yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni 2621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 760 taga yoki 218 foizga ko‘paygan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020 yilda 500 mlrd 102 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilib, 355 mlrd so‘m yoki 71,0 foizi undirilgan bo‘lsa, 2021 yildagi moddiy zarar miqdori 1 trln 282 mlrdni tashkil etib, 887 mlrd so‘mi yoki 69,1 foizi undirilgan», — deyiladi agentlikning yillik hisobotida.

Shuningdek, 2021 yilda Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan qurilish sohasidagi jami 461,3 mlrd so‘mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obektida o‘rganish o‘tkazildi. Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilishi ta’minlandi.

Top