14:44 / 11.03.2022
26721

Antimonopolchilar Toshkent bozorlaridagi aravakashlar faoliyatini tartibga solmoqchi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i poytaxt kengashida chiqish qilib, bozorlardagi aravakashlar xizmati uchun to‘lovni terminallar orqali to‘lash tartibini joriy etish va ular oladigan haq uchun tariflar belgilashni taklif qildi. U Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, bu masala ko‘tarilishiga bozorda aravakash bilan nizolashib qolgan bir deputatning so‘rov kiritishi sabab bo‘lgan.

Antimonopoliya qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Turobov Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida so‘zga chiqdi.

U o‘z so‘zida bozorlardagi aravakashlarga ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovni naqd pulsiz shaklda undirish maqsadida terminal o‘rnatilgan nazorat nuqtalarini tashkil etish, xaridorlarga aravalarni ijaraga berish xizmatini joriy etish, aravakashlarga xizmat haqini soatbay to‘lanadigan tariflarini ishlab chiqishni taklif qildi.

 Foto: Toshkent shahar hokimli matbuot xizmati

“Olib borilgan o‘rganishlar natijasida haqiqatan ham arava xizmatlari uchun kelishilgandan ko‘proq haq talab qilish holatlari mavjudligi, shu bilan birga hozirda iste’molchilar tomonidan ushbu xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar yuzaga kelayotgani, shu bilan birga aholida ushbu xizmatlardan foydalanishning muqobillari yo‘qligi ham aniqlandi.

Hozirgi kunda arava xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar bozor ma’muriyatidan aravani ijaraga olib, buning uchun kunlik 25 ming so‘m miqdoridagi to‘lovni to‘lagan holda arava xizmati ko‘rsatib keladi. To‘lov miqdori Toshkent shahar hokimining 203-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Vaholanki, aravakashlar ko‘chaga chiqqandan keyin 40 ming, 50 ming so‘m va boshqa narxlarni qo‘yish holatlari kuzatilyapti”, degan Jo‘rabek Turobov.

Mulozimning ta’kidlashicha, bugungi kunda:

  •  Yunusobod dehqon bozorida 65ta,
  • Chorsu dehqon bozorida 140ta,
  • Navro‘z dehqon bozorida 25ta,
  • Qo‘yliq dehqon bozorida 144ta arava mavjud.

Sessiyada Jo‘rabek Turobov quyidagilarni amalga oshirishni taklif etdi:

  • “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK bilan birgalikda axoliga bozorlarda arava xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida bozor hududida aravalarni nazorat qilish nuqtalarini tashkil qilish hamda ularni to‘lov terminallari bilan jihozlash;
  •  arava xizmati uchun to‘lovlarni naqd yoki naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirish imkoniyatini yaratish;
  • bozorlar hududida xuddi supermarket va yirik savdo majmualarida bo‘lgani singari xaridorlarning o‘zlari foydalanishi aravalarni ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ijaraga beriladigan aravalarni joylashtirishning texnik va moliyaviy tomonlarini ko‘rib chiqish;
  • arava xizmati tariflarini soatbay ishlab chiqish;
  • arava xizmati ko‘rsatilayotgan har bir fuqaro berilgan maxsus raqamlar orqali to‘lovlarni amalga oshirish.

Jo‘rabek Turobov Kun.uz bilan suhbatda bu masala deputatlik so‘rovi ortidan sessiya kun tartibiga kiritilganini aytdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

“Bu masala ko‘tarilishiga bizga yuborilgan deputatlik so‘rovi sabab bo‘ldi. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 57-sessiyasida bir deputatimiz bozorga tushib, aravakash bilan 20 mingga kelishgani, biroq xarid qilib bo‘lgach u xizmati uchun 30 yo 40 ming so‘m berishni talab qilganini aytgani uchun mavjud vaziyatni o‘rgangan holda o‘z takliflarimizni ishlab chiqdik.

Xaridorlarda tanlov huquqi bo‘lishi kerak. Shu bois xohlovchilar o‘zlari birorta aravani ijaraga olib istagancha xarid qilishi uchun ham sharoit yaratishni taklif qilyapmiz. Karantin paytida Chorsu bozorida aravalarni xaridorlarga ham ijaraga berish yo‘lga qo‘yilgan edi. Ammo ularni bozorchilar ham olib, 20-30 kg o‘rniga 2-3 qoplab mahsulot ortgani uchun aravalar foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan, natijada bu tajribaga barham berilgan ekan.

Biz o‘zimizcha bozorlar faoliyatiga aralasholmaymiz. Chunki ularning faoliyatini “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK nazorat qiladi. Shu bois takliflarimizni rasman ularga ham yubordik. Bu sohani tartibga solishimiz kerak, buni markaz bilan birgalikda amalga oshiramiz”, deb aytgan Jo‘rabek Turobov.

Shuningdek, u aravakashlardan xizmat haqini to‘lov-terminallari orqali undirish haqidagi taklifini izohlarkan, bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barcha odamni terminal bilan ta’minlash imkonsizligi, bu choraning egaridan tushovi qimmatga tushishi, shu bois bozorning asosiy kirish-chiqish nuqtalarida nazorat nuqtalari tashkil etib, shu joyga to‘lov-terminallari o‘rnatilishini ma’lum qildi. Mulozimning fikricha, bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoni ham yuzaga keladi.

Avvalroq “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlar vataniga yuborgan mablag‘larni soliqqa tortish taklifini ilgari surgan, ammo bu taklif jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchragandi.

Top