15:29 / 11.03.2022
10300

YeI Ukraina ittifoqqa tezlashtirilgan tartibda qabul qilinmasligini bildirdi

Qayd etilishicha, Yevrokomissiya Ukrainaning Yevroittifoqqa kirish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha xulosa tayyorlashi kerak.

Foto: Photoshot

Yevroittifoq mamlakatlari ukrainalik qochqinlarga "gumanitar, tibbiy va moliyaviy" yordam berishni davom ettiradi. Bu haqda YeIning Versalda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammiti yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotida aytildi.

Bayonotda qayd etilishicha, Yevrokomissiya Ukrainaning Yevroittifoqqa kirish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha xulosa tayyorlashi kerak.

Shu bilan birga, Yevrokomissiya xulosa tayyorlashi uchun ancha vaqt ketadi, dedi Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte.

"YeIga kirish uchun tezlashtirilgan tartib mavjud emas. Bu ana shunday jarayonni uzoq kutgan Chernogoriya, Serbiya, Albaniya va Shimoliy Makedoniyaga shapaloq tortilgandek bo‘lardi", - dedi u.

"Ukrainaliklarga hammasi bir-ikki kun ichida sodir bo‘ladigandek tuyg‘uni bermasligimiz kerak", - deya qo‘shimcha qildi uning lyuksemburglik hamkasbi Ksave Bettel.

Shuningdek, YeI davlatlari urush tugaganidan so‘ng "demokratik Ukrainani tiklashda qo‘llab-quvvatlashni" va’da qilgan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top