10:02 / 14.03.2022
10246

Qozog‘istonda yanvar oyi voqealarida halok bo‘lganlar soni 230 kishini tashkil qilgan

Qozog‘iston parlamenti majlisining yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda, unda Bosh prokuraturaning yanvar oyidagi voqealar bo‘yicha ma’lumotlari e’lon qilindi.

Foto: cepa

Qayd etilishicha, dastlabki bosqichda mitinglar tinch o‘tgan, 4-5 yanvar kunlari zo‘ravonlik holatlari kuzatila boshlangan.

«Dastlabki bosqichda mitinglar tinch o‘tdi. Namoyishchilarning siyosati yo‘q edi, ular ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi talablarni ilgari surdi. Barcha yig‘ilishlar dastlab tinch edi, lekin tez orada nazoratdan chiqib ketdi. Hokimlar, deputatlar jamoat tartibini buzmaslik talabi bilan ko‘p marotaba xalq oldiga chiqishgan», dedi Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov.

Uning ma’lum qilishicha, 4-5 yanvar kunlari 11 ta viloyatda zo‘ravonlik holatlari kuzatila boshlangan.

«4-5 yanvar kunlari 11 viloyatda zo‘ravonlik bosqichi boshlandi. Tashkilotchilar aniq reja asosida harakat qildi. Hammasi WhatsApp va Telegram orqali muvofiqlashtirildi. Guruhlarning bir qismi do‘konlarni vayron qilib, talon-toroj qila boshladi. Boshqa qurolli guruhlar hokimliklar, MXQ, politsiya, Prezident qarorgohi va boshqa binolarni egallab oldi. Ular kordondan qanday o‘tishni bilgan», dedi bosh prokuror.

Berik Asilovga ko‘ra, aksiyalarning pirovard maqsadi hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish bo‘lgan.

«Milliy xavfsizlik qo‘mitasi davlatga xiyonat va hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘yicha 15 ta ish ochgan. Yanvar voqealaridan keyin 3 777 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yanvar voqealari oqibatida 230 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari harbiylar va xavfsizlik xodimlaridir», dedi mamlakat bosh prokurori.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top