16:33 / 14.03.2022
1317

Samarqandda o‘zini bloger deb tanitib, muammolarni hal qilish evaziga bir necha fuqarodan pul olgan shaxs ushlandi

Fuqarolarning turli muammolarini ijobiy hal qilib berishni va’da berib, ularni aldab ketgan mazkur shaxs protsessual tarzda qamoqqa olingan.

Foto: Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 1987 yilda tug‘ilgan U.Chorshanbiyev 2021 yilning avgust oyida fuqaro D.R.ga o‘zining blogerligini aytib, ishonchiga kirgan. So‘ng 600 dollar evaziga uy-joy bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida ko‘rib chiqilayotgan ishni internet ijtimoiy tarmog‘iga joylash orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan va D.R.dan 2 million so‘m olib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, U.Chorshanbiyev 2021 yil 7 sentabr kuni fuqaro Yu.D.dan 2 ming dollar evaziga uning nohaq ishdan ketganligini, internet ijtimoiy tarmog‘iga joylash orqali unga yetkazilgan moddiy zararni qoplab, ishiga ham qayta tiklab berishni va’da qilgan. Keyin Yu.D.dan 1 000 dollar olib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatgan.

Shuningdek, U.Chorshanbiyev 2021 yilning noyabr oyida fuqaro R.Z.ni aldab, uning ishonchiga kirgan va 20 million so‘m evaziga unga sobiq turmush o‘rtog‘i bilan bo‘layotgan sud ishida qatnashib, muammoni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarib, farzandini olib berishni aytgan. So‘ng tergov bo‘limi tomonidan ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha unga yetkazilgan 14 ming dollar zararni qoplatib berishni va’da qilib, R.Z.ning 1 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni U.Chorshanbiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan sirtdan ayb e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, jinoyat ishi JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan to‘xtatilgan.

«Hozirda U.Chorshanbiyev Qashqadaryo viloyati hududida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, Samarqand viloyat IIB PPX JTSBga qarashli VSXga joylashtirilgan. Tergov harakatlari insonparvarlik, qonuniylik va odillik tamoyillari asosida olib borilishi ta’minlanadi. Ushbu shaxsdan jabrlanganlar bo‘lsa, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga murojaat qilishlari so‘raladi», deyiladi xabarda.

Avvalroq Qashqadaryoda tanish ayolnikiga borgan fuqaroni videoga olib, uni internetda tarqatish bilan qo‘rqitib pul olgan blogerga hukm o‘qilgandi.

Mavzuga oid
Top