08:30 / 16.03.2022
5933

AQShdan tibbiy asbob-uskunalardan iborat insonparvarlik yordami navbatdagi turkumi Qoraqalpog‘istonga jo‘natildi

AQShdan Qoraqalpog‘iston tibbiyot muassasalariga taqdim etish uchun 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskuna va tibbiy buyumlardan iborat navbatdagi insonparvarlik yuklari ortilgan to‘rtinchi konteynerning jo‘natilishi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Insonparvarlik yordami mamlakat elchisi Javlon Vahobov va «Project C.U.R.E.» xayriya tashkiloti prezidenti Duglas Jyekson o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida tibbiy buyumlar va jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar doirasida shakllantirildi.

«Project C.U.R.E.» tashkilotining xalqaro hukumatlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Melis Esposti ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga muvofiq shakllantirilgan gumanitar yuklar umumiy hajmi 6,5 tonnadan oshadi.

Yuk tarkibi operatsiya stollari uchun matraslar, gemodializ apparatlari, chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, laboratoriya anjomlari, tibbiy kislorod ballonlari va boshqa asbob-uskunalardan tashkil topgan.

Beg‘araz yordam yuklari ortilgan konteyner AQSh - Ispaniya - Gretsiya - Gruziya - O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha dengiz va quruqlik yo‘llari orqali Qoraqalpog‘istonga olib boriladi. Yukni manzilga yetkazib berish 2022 yil may oyi oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi 6 fevral kuni «Project C.U.R.E.» bilan hamkorlikda Nukus shahriga umumiy hajmi qariyb 7 tonnadan iborat uchinchi konteynerni jo‘natgan edi. Ushbu ko‘mak 2022 yil aprel oyi oxiriga qadar manzilga yetkaziladi.  

O‘tgan yilning may oyida Qoraqalpog‘iston tibbiyot muassasalari shoshilinch tibbiy yordam markazlarini jihozlash buyumlarini o‘z ichiga olgan «Project C.U.R.E.» gumanitar yordamining dastlabki ikkita konteynerini qabul qilib olgan.

«Project C.U.R.E.» nodavlat-notijorat tashkiloti 1987 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tanqisligini bartaraf etish borasida ko‘mak ko‘rsatadi.

Top