09:56 / 19.03.2022
12420

Ekspertlik so‘rovi: O‘zbekiston jamoatchiligi butun dunyoda tinchlik bo‘lishini istaydi

Natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, harbiy harakatlar o‘zbekistonliklarda qayg‘u va qo‘rquvni uyg‘otadi. O‘zbekistonning faol jamoatchiligi nafaqat o‘z yurtida, balki butun dunyoda tinchlik bo‘lishini yoqlaydi. 

«Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekiston jamoatchiligining tinchlik qadriyatiga bo‘lgan munosabati darajasini aniqlash maqsadida ekspertlik so‘rovini o‘tkazdi. 

«O‘zbekistonda davlat va jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik eng katta, bebaho boylik sanaladi. Bugun dunyoda yuz berayotgan voqealar ortidan fuqarolarimiz tinchlikning ahamiyatini yana chuqurroq tushunib, anglab bormoqda. Mutaxassislar buni davlatimiz siyosati, jumladan, insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tashqi siyosatining ijobiy natijasi, deya baholamoqda», deya qayd etilgan harakat matbuot xizmati xabarida.

So‘rovda 720 kishi — hududlarda tashkil etilgan mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhlari a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va faollari, biznes, akademik hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ularning 397 nafarini (55,2 foizi) erkaklar, 323 nafarini (44,8 foizi) ayollar tashkil etdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning barcha hududlaridan birdek qamrab olindi.

Natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, harbiy harakatlar o‘zbekistonliklarda qayg‘u va qo‘rquvni uyg‘otadi. Jumladan, «Boshqa mamlakatlar hududidagi harbiy harakatlar sizda qanday his-tuyg‘u uyg‘otadi?» savoliga 359 kishi yoki so‘ralganlarning 49,9 foizi «qayg‘u» deb javob bergan.

Javoblar orasida ikkinchi o‘rinda «qo‘rquv» (110 kishi yoki 15,3 foiz), uchinchi o‘rinda «nafrat» (105 kishi yoki 14,6 foiz) belgilangan. Bunda «nafrat» degan javobni ayollarga qaraganda ko‘proq erkaklar tanlagan (27 foiz ayollar, 73 foiz erkaklar). Harbiy harakatlar ayollarda ham, erkaklarda ham teng miqdorda qo‘rquv va qayg‘u his-tuyg‘ularini uyg‘otishi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning 10 foizga yaqini bu qaysi mamlakatda sodir bo‘layotganiga bog‘liqligini, 9,2 foizi esa vahimaga tushishini bildirgan. Birorta respondent «xursandchilik» javobini tanlamagan.

O‘zbekistonning faol jamoatchiligi nafaqat o‘z yurtida, balki butun dunyoda tinchlik bo‘lishini yoqlaydi. So‘rovning aksariyat ishtirokchilari, ya’ni 672 nafari yoki 93,3 foizi «Men butun dunyoda tinchlik bo‘lishini istayman» javobiga to‘liq qo‘shilgan. Qatnashchilarning 27 nafari (3,8 foiz) O‘zbekistonda, 21 nafari (2,9 foiz) Markaziy Osiyoda tinchlik bo‘lishini istaydi. 

Fuqarolar mamlakatimizning tashqi siyosat konsepsiyasiga asosan, bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolish muhimligini qayd etmoqda. O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatiga 621 nafar respondent (86,3 foizi) qo‘shiladi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, 74 nafari (10,3 foizi) bunga neytral munosabatda, 25 nafari (3,4 foizi) esa harbiy bloklarga qo‘shilish kerak, deb hisoblaydi. Ekspertlar O‘zbekistonning «o‘tkir masalalardan qochmasdan, oqilona murosa yo‘lini izlash» tamoyiliga asoslangan mintaqaviy siyosatini, tinchlik va taraqqiyot, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik yo‘lida BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Global/mintaqaviy muammolarni faqat xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT ishtirokida diplomatiya yo‘li bilan hal qilish maqsadga muvofiq. So‘rovning 440 nafar qatnashchisi (61,1 foizi) shunday hisoblaydi. Respondentlarning beshdan bir qismining fikricha, global va mintaqaviy muammolarni faqat dunyo yetakchilari bilan hamkorlikda hal qilish kerak. 18,6 foiz respondentga ko‘ra, bu masalaga faqat ikki tomon – mojaro qilayotgan davlatlar ishtirokida yechim topish mumkin. Bir nafar so‘rov ishtirokchisi «harbiy kuchlarni ishlatgan holda» degan javobni bergan.

«Global dunyo jiddiy transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Biz butunlay yangi tarixiy voqeliklarda yashayapmiz. Iqtisodiyot, odatiy turmush tarzi o‘zgarmoqda, texnologiyalar faol rivojlanmoqda. Odamlar yangiliklarga va o‘zgarishlarga moslashmoqda. Biroq o‘zbekistonliklar uchun jamiyatdagi, mintaqadagi, butun dunyodagi tinchlik va totuvlik asosiy qadriyat bo‘lib qoladi», deyiladi «Yuksalish» matbuot xizmati xabarida. 

Mavzuga oid
Top