19:21 / 19.03.2022
28718

Nega shifokorlarning vaziri iqtisodchi, vrachlarga ming dollar maosh, aholining ko‘p qismida ortiqcha vazn - prezidentning shifokorlar bilan uchrashuvidan asosiy iqtiboslar

“Men tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvga uzoq tayyorgarlik ko‘rdim va uning muddatini bir necha marta ortga surdim. Chunki sohadagi muammolar juda jiddiy va ularning yechimi bo‘yicha puxta rejalar zarur. Kerakli mablag‘lar manbasi aniq bo‘lishi kerak” – Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv zarurati haqida

* “Mehr ko‘zda”, deydilar. Sizlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qilmasak, muammolarni yashirmay gaplashib, yechimini izlamasak, maqsadimizga erisha olmaymiz. Hech bir davlat o‘zining muammolarini yechishga harakat qilmay, yashirib, taraqqiyotga erisha olmagan”;

* Sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur. Tibbiyot shunday sohaki, unga daxldor bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Hammamiz ham issiq jonmiz, tibbiyot muassasalariga kunda-kunora murojaat qilmagan kishini topish qiyin”;

* “Bugun hammangizni bir savol o‘ylantiryapti – qani, bu muloqotda nima o‘zgararkan? Lekin bir narsani aytay, biz bir-birimizni tushunmasak, hech narsa bo‘lmaydi. Maqsad – jonajon vatanimizni, aholimizni qiynayotgan muammolarni birgalikda yechish. Ammo bu faqat qaror, farmonlar bilan hal bo‘lmaydi. Qo‘l qo‘yish oson, qog‘oz hamma narsani ko‘taradi. Lekin uni bajarish-chi? Bugungi muloqotda ham men sizlardan aynan pastdagi muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kutyapman”.

Vazir nega shifokor emas, iqtisodchi?

* “Ko‘pchiligingiz o‘ylashingiz mumkin, nega vazirimiz iqtisodchi deb? Shuncha yil shifokorlarni vazir qilib ishlatdik, lekin natija nima bo‘ldi? Bugun hamma joyda transformatsiya jarayoni ketyapti. Vazir birinchi navbatda hisob-kitobni bilishi shart. Men Behzod Musayevga vazir bo‘lishi haqida aytganimda mazasi qochib, o‘ziga shifokor kerak bo‘lib qoldi. Lekin tinim bilmay ishladi, endi-endi talabimni tushunyapti”.

Ajratilayotgan mablag‘ va yangiliklar

* “2022 yilning o‘zida sohaga budjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

Birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy “UZI” va “EKG” apparatlari bilan ta’minlandi. Shu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish boshlandi. Hududlarda 23 ta respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazining yuzdan ortiq filiallari o‘z faoliyatini boshladi”.

Murakkab operatsiyalar

* “Oldin poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiya va diagnostika jarayonlarini mahalliy shifoxonalarda o‘tkazish imkoniyati yaratildi. 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi besh yilda 200 turdagi yangi jarrohlik amaliyoti joriy etildi, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida yo‘lga qo‘yildi. Buyrak transplantatsiyasi orqali shu kungacha 700 ga yaqin fuqarolarimizning hayoti saqlab qolindi”.

Aholi turmush tarzi, ortiqcha vazn

* “Mustaqillikdan oldin aholi soni bo‘yicha 20 millionga ham yetmasdik, hozir 35 milliondan oshdik. Bu ham Allohning marhamati. Endi bu xalqimizning munosib turmush tarzi haqida o‘ylashimiz kerak”;

* “To‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida bugungi kunda aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori ekani barchamizni o‘ylantirishi kerak. Shuning uchun joriy yildan boshlab 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi.

Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi, yil yakunida esa har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi. Bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi”.

Xususiy tibbiyot haqida

* “Bir gapni ta’kidlayman – xususiy shifoxonalarni ham tibbiyotda bir oila deb qabul qilishimiz kerak. Men o‘zim joylarga borganimda davlat tibbiy maskanlari bilan birga xususiy shifoxonalarga ham kiraman. Takror aytaman – biz uchun tibbiyot maskanining mulk shakli muhim emas. Eng asosiy maqsadimiz – odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash, ularning dardiga darmon bo‘lishdan iborat”;

* “Xususiy tibbiyot uchun soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalarni qamrab olgan qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etildi. Natijada birgina soliq imtiyozlari hisobidan so‘nggi besh yilda xususiy sektor ixtiyorida 1,3 trillion so‘m mablag‘ qoldi”.

Kadrlar masalasi

* “Olis va chekka hududlar aholisi oilaviy shifokor punktlarida vrachlar yetishmasligi sababli zarur tibbiy xizmatlar olish imkoniyati yo‘qligi haqida shikoyat qilingan. 56 ta tumandagi 243 ta olis va chekka mahallada 562 ta shifokor lavozimi vakant bo‘lib turibdi. Masalan, Qashqadaryoda yurak-qon tomir kasalliklari birinchi o‘rinda bo‘lib, har yili kamida 10 foizga oshmoqda. Lekin kardiologlar shtati va shifoxona o‘rinlari soni so‘nggi 20 yilda o‘zgarmasdan kelmoqda”.

* “Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5-6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga yo‘llanma asosida birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Bu orqali har yili 7 mingga yaqin talaba ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi”.

* “Har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi o‘z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan. Ularning tajribasi juda katta, lekin biz ularni pensiyaga chiqarib yuborishga o‘rganib qolganmiz. Pensiyaga chiqarilgan shifokorlar jamiyatga keraksiz his qilib, o‘zlari ham kasal bo‘lib qolishmoqda. Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz”;

* “Bugun tibbiy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, ularda chuqur bilim va malakaga, yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor beryapmiz. Misol uchun, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning umumiy soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobar oshdi”.

Maoshlar

* “Esingizda bo‘lsa, men bir vaqtlar shifokorlarga ham 1000 dollar maosh beramiz, degandim. Mana, shu kunlar ham kelyapti. Bu yil ham budjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham kamida 10 foizga oshirishni reja qilganmiz.

Bunga qo‘shimcha ravishda, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida, joriy yil 1 iyundan:

  • tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi;
  • yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan:

  • alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;
  • yangi ish boshlagan fidoyi yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million so‘m maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobiga, 8-9 million so‘mgacha maosh olishi mumkin bo‘ladi. Hamshiralar esa, hozirgi 1,5 million so‘m o‘rniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3-4 million so‘mgacha oylik olishi mumkin”.

* “Endi “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022 yil 1 maydan boshlab olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy budjetlardan qoplab beriladi. Bundan buyon olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi”.

Shifoxonalar moddiy-texnik bazasi

* “So‘nggi besh yilda 9 trillion so‘m hisobidan 2 mingga yaqin tibbiyot muassasasi qurilib, ta’mirlandi. Shuningdek, 500 million dollar sarflanib, 2 ming 500 ta muassasa zamonaviy tibbiy texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Lekin ichimlik suvi, isitish tizimi bo‘lmagan, elektr ta’minoti yaroqsiz mingdan ziyod tibbiyot muassasalari mavjud. 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda, eng avvalo, 182 ta oilaviy shifokor punktida ichimlik suvi tarmog‘i, 450 dan ortiq muassasada isitish, 650 tasida elektr tizimi to‘liq ta’mirlanadi. Shular qatorida 1 ming 100 ta tibbiyot muassasasi qayta qurilib, jihozlanadi. 227 ta tug‘uruq komplekslari ta’mirlanib, ularga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, 39 ta bolalar shifoxonasining holati va ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanadi. Bu ishlarga 6 trillion so‘m mablag‘ jalb qilinadi”;

* “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 165 million dollarlik dastur amalga oshiriladi. Bunda 2022 yil 1 maydan boshlab sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati uchun tumanlarda 11 ta yangi bino barpo etiladi, 190 ta bino rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirlanadi. Hududiy laboratoriyalardagi eskirgan 9 mingta asbob-uskuna to‘liq yangilanadi”.

Korrupsiya va tajovuz

* “Tibbiyot sohasi vakillariga, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatish (tajovuz) holatlari ham uchrab turibdi. Endi tibbiyot xodimlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan, ularning ishiga to‘sqinlik qilgan hamda tajovuz ko‘rsatgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. O‘zbekistonda “qonun – ustuvor, jazo – muqarrar” ekanini hech kim esidan chiqarmasligi kerak”;

* “Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi lozim. Davlat tibbiyot tizimini rivojlantirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun shuncha katta mablag‘ va resurslarni safarbar etayotgan ekan, endi bu borada har qanday qonunbuzilishlariga, tamagirlik va poraxo‘rlik ko‘rinishlariga qarshi qat’iy kurash olib boradi.

Ming afsuski, sog‘liqni saqlash muassasalarida ayrim shifokorlarning aholi bilan qo‘pol muomalada bo‘lishi, odamlarni mensimaslik, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi kabi salbiy holatlar hamon uchrab turibdi”.

Top