09:30 / 20.03.2022
27361

O‘zbek paxtasidan boykot yechildi. Sohani nimalar kutmoqda?

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasini boykot qilish to‘xtatilganini ma’lum qilganidan so‘ng, ko‘plab savollar paydo bo‘ldi: boykot yechilgandan keyin nimalar o‘zgardi, O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ldi? Kun.uz shu mavzuda mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshlarimiz – “Chust Textile” korxonasi rahbari Jamshid Ismatullayev, “Fratelli casa” brendi sohibi Shohrux Qayumov, “O‘zto‘qimachiliksanoat»” uyushmasi raisi o‘rinbosari Davron Vahobov bo‘ldi.

Shokir Sharipov, jurnalist: Avvalo so‘ramoqchi bo‘lganim – boykot e’lon qilinishidan oldin sohadagi ahvol qanday edi?

J.Ismatullayev: Tekstil sohasidagi faoliyatimni 2000 yillarda boshlaganman, o‘sha yillari ajoyib holatlar bo‘lardi, masalan, katta-katta – BAYTEKS, “Shayxontohur-tekstil” kabi korxonalar ochilishi boshlandi va ularning asosiy yo‘nalishlari Amerika va Yevropa bo‘lgan. O‘sha paytda men ham shunday korxonalardan birida ishlardim va biz mahsulotlarimizni Amerikaning bir kompaniyasiga katta miqdorda eksport qilardik. Rossiyaga esa eksportimiz juda kam bo‘lardi. U paytda ishlab chiqarilgan printa va naqsh bosish kabi mahsulotlarni ishlab chiqarmasdik, chunki u paytda bunga talab bo‘lmagan.

Jamshid Ismatullayev

O‘sha paytda turklar “O‘zbekiston kelajakda juda katta tekstil-habga aylanadi, Yevropa va Amerikaga buyurtmalar O‘zbekiston orqali bo‘ladi va biz bunda sizlarga yordamchi bo‘lamiz”, deyishardi. U paytda ko‘pchilik Yevropa korxonalarining litsenziyasini turklar olgan va biz eksportni turklar orqali amalga oshirardik. Biz butun dunyoda tanilgan Puma, Reebok, Nike kabi firmalarga Turkiya orqali juda katta miqdorda mol jo‘natardik. O‘sha paytda malakasi kuchli turkiyalik va yevropalik menejyerlarning juda katta jamoasi O‘zbekistonda faoliyat yuritgan.

Boykot e’lon qilinganidan keyin, 2009 yildan boshlab bu buyurtmalar rad etila boshlandi va bu menejyerlar O‘zbekistondan chiqib keta boshladi. 2009-2010 yildan boshlab biz Rossiya va MDH davlatlariga eksport qilishni boshladik va Yevropa va Amerikaga eksport butunlay to‘xtadi. 12 yildan beri Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlar bilan ishlab kelyapmiz. Agar 12 yil davom etgan boykot bo‘lmaganida, O‘zbekistonning tekstil sanoati sohasidagi darajasi boshqacha, ancha yuqoriroq bo‘lardi. O‘zbekiston vaqt yo‘qotdi.

Sh.Sharipov: Boykot bekor bo‘ldi, nimani kutsak bo‘ladi?

Sh.Qayumov: GSP+ga kirganimizdan keyin bizga yangi bozorlar ochiladi deb xursand bo‘ldik. Do‘stim Jamshid aytganidek, biz orada 12 yil yo‘qotdik. Bu muddat davomida biz MDH davlatlariga eksport qilganimiz bilan, bu davlatlar va Amerika va Yevropa talablari orasida farq bor. O‘zbekistonning 2021 yildagi tekstil mahsulotlari eksportining 58 foizi MDH davlatlariga va atigi 15 foizi Yevropa va 2 foizi Amerika davlatlariga to‘g‘ri keldi. Bizning eksportchilar esa MDH davlatlarining talablariga o‘rganib qolishgan.

Shohrux Qayumov

Agar Amerika va Yevropa brendlari O‘zbekistonga kiradigan bo‘lsa, ular o‘zlarining dizayni bilan kirib keladilar, shunda bizning dizaynerlarimiz haqiqiy brendlarning dizaynini ko‘radilar. Bu bizning dizaynerlarimizga motivatsiya bo‘ladi. “Men Nike uchun ishlayman, men GAP uchun ishlayman”, deya dunyoning tanilgan brendlari uchun dizayn bo‘limlari paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, brendlar kelganidan keyin ular mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallar ishlab chiqarish jarayonining boshdan oxirigacha tekshiradilar, ya’ni o‘rtada dunyo talablariga javob beradigan sifatni aniqlaydigan laboratoriyalar kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda bor bunaqa laboratoriyalar va bittasini men ko‘rganman. Bunaqa laboratoriyalar ko‘payadi. Tekstil sohasi bilan yaqindan tanish bo‘lmagan odamlar O‘zbekistonda dunyo talablariga javob beradigan mahsulotlar yo‘q, sifati talabga javob bermaydi, deb o‘ylaydilar, holbuki bunaqa mahsulotlar bor va ularning ko‘pi asosan eksportga chiqariladi.

Dunyo brendlarini Rossiyaniki bilan solishtirsangiz, matosida ham farqi borligini ko‘rasiz. Ular matoni tanlaydi-da, masalan Reebok uchun mahsulot tayyorlashga materialni faqat mana shu fabrika beradi, deya shart qo‘yadi. O‘z-o‘zidan, bu fabrikada ishlab turgan mutaxassislar rivojlanadi, talablarni o‘rganadi, profillariga yozadi, “Men Reebok uchun material ishlab chiqaraman”, deydi.

Biz boshqa davlatlarga birinchi materiallarimizni ham sotaylik. Agar matolaringiz zo‘r bo‘lsa, sifatli bo‘lsa, ikkinchi bosqich – tikishni o‘rganib olsa bo‘ladi. Tikuv sifatli bo‘lsa-yu, mato sifatsiz bo‘lsa, unda brendning talabi bilan boshqa davlatlardan logistika qilib material olib kelib tikishga to‘g‘ri keladi. Bu degani esa material ishlab chiqaruvchilar talabga javob berishga harakat qiladilar va rivojlanadilar. Ana o‘shanda, masalan “Chust tekstil” boshqa ishlab chiqaruvchiga “men buyurtmani bajarishga ulgurmayapman, mana shu matoni sen menga sifatli qilib chiqarib bersang, men ba’zi hollarda senga boshqa davlat berayotgan narxdan qimmatroq narxda olishga tayyorman” deyishi mumkin, chunki brend har qanday holatda qimmatroq yuradi.

Uchinchidan, bu davlatlar brendlari kelganidan keyin o‘zlarining tikish usullari, tikish muddatlari, biznes-protsesslarini tatbiq etadilar. Aytib o‘tish joizki, masalan bizning Bangladesh bilan solishtirganda, infratuzilmalarimiz bir xil bo‘lgan taqdirda ham, negadir Bangladeshdagi mahsulotlar bizga qaraganda arzon chiqadi. Buning sababi esa – biznes-jarayonlarning noto‘g‘ri qo‘yilganidir. Elektr energiyasi, maoshlar ham bir xil bo‘lgan holatda, bitta potokda 30 ta mashinada ishlab chiqarish bo‘lgan holatda nimaga bizda 1500 ta chiqarsa, Bangladeshda 3000 ta chiqaradi? Buning sababi biznes-jarayonda, ular – mutaxassis.

Bizda turklar, boshqa davlat mutaxassislari ishlaganda, ularning biznes-protsessni to‘g‘ri tashkil qilishga va mahsulot tannarxini pasaytirishga harakat qilishganini ko‘rganmiz. Bu narsalar biz uchun maktab bo‘ladi. Eksportga ishlaydigan o‘zbek korxonalarini kamsitmoqchi emasman, ammo mingta, millionta futbolka tikadigan promo fabrika boshqa, falonchi brendga futbolka tikish umuman boshqa. Shuning uchun bu bizga tajriba bo‘ladi, fabrikalarda ishlaydigan texnologlar o‘sadi. Ammo bunga biroz vaqt kerak. Bu tez o‘lmaydi.

Va yana xulosa qilib aytiladigani – bu korxonalarda tajriba va malakasini oshirib, o‘zining shaxsiy brendini yaratishga salohiyati yetadigan mutaxassislar yetishib chiqadi. Butun ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘rib chiqqanidan keyin, dunyo talablariga javob beradigan brend yarata oladigan mutaxassislar yetishib chiqadi. Xuddi shu yo‘ldan Bangladesh borgan.

J. Ismatullayev: Shohrux do‘stim bu yerda juda to‘g‘ri gaplarni aytdi. Pirovardida bizda juda katta bozor paydo bo‘ladi. Birinchidan – kadrlar bozori. Mana men farzandlarimga doim o‘qinglar, o‘qinglar, deb aytib kelaman. Ilgari “men o‘qib tekstilshchik bo‘lamanmi?” degan tushuncha bo‘lardi. Hozir esa tekstil sanoatida xoh bo‘yoqchi bo‘lsin, xoh kalava ishlab chiqaruvchi bo‘lsin, xoh hozirgi yangi-yangi dizaynerlar bo‘lsin, yoki kontrol-menejment bo‘lsin, ya’ni sifat tizimini to‘g‘ri, xalqaro tizimida boshqara oladigan mutaxassis bo‘lsin, shaxsan bizning korxonamizda 2 ming, 3ming, 4ming dollar maosh to‘lash uchun imkoniyat va istak bor. Bizga shunaqa mutaxassislar kerak.

Men farzandlarimga aytaman: “Qaragin, biz bunaqa mutaxassislarni chet eldan olib kelyapmiz, sizlar esa bir-nima narsalarni o‘rganib olib, chet elda ishlamoqchisizlar. Kelinglar, biz o‘rgataylik, bizga hozir har bitta korxonada shunaqa kadrlar kerak bo‘ladi” deyman.

IT’da qanaqangi katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, oldin qancha oylik olardi va hozir qancha oylik olyapti. Tekstilda ham xuddi shunday bo‘ladi. Agar sifatli mol tikmoqchi bo‘lsangiz, oddiy tikuvchingizga yuz dollar emas, 300 dollar oylik to‘laysiz. Undan sifatli molni talab qilish uchun.

To‘g‘ri gapni aytingiz. Masalan, ikkita korxonani solishtiraylik, “A” korxona bilan “B” korxonani. Bittasi promo futbolka tikyapti. “Nechta ishlab chiqaryapsan? 1000 ta, 2000 ta, boriga baraka”. Ammo haqiqiy andozada ishlaydigan korxonada hisob-kitob bo‘ladi, talab bo‘ladi, ya’ni bir daqiqada nechta mahsulot ishlab chiqaryapti, nechta ishlab chiqarish kerakligining hisob-kitobi bor. Hisob-kitobni 2000-yillarda ko‘rganman, Germaniyadan mutaxassislar kelardi-da, bizga o‘rgatishardi: buni qanday qilib to‘g‘ri sanash kerak, uskunalar qanday qo‘yilishi kerak, odam necha minut tinmasdan ishlay oladi va necha minutdan keyin unga dam berish kerak, optimizatsiya qilish uchun. “Nimaga sizlar mashinani shunaqa uzun qilib qo‘ydinglar, yacheyka qilib qo‘yish kerak”. Yoki dastgohlarga qo‘shimcha o‘rnatmalar qo‘yib turib, bitta qiz tikyapti-da, qiyshiq tikyapti, o‘shani qanday qilib yengillashtirish... juda ko‘p narsalarni o‘rgatishgan.

Bu 20 yil oldingi holat. 20 yilning ichida nimalar o‘zgarib ketdi ularda! Ammo 20 yil oldin o‘rgatib ketgan narsalari hozirgi kunda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagan. Va bir narsani ta’kidlab o‘taman, hozirgi tekstilshchiklarimiz – o‘sha paytda ilm o‘rgangan tekstilshiklarimiz. E’tibor bering, o‘sha paytda olingan bilimlar bilan ko‘pchilik mana shunaqangi darajaga yetdik.

D.Vahobov: O‘sha bitta-ikkita zavodning ichidan chiqqan mutaxassislar o‘zingizning misolingizda...

J. Ismatullayev: Menga o‘xshaganlar ko‘p, albatta, o‘shanda nimaga erishishimiz mumkinligini ko‘rganmiz.

Bundan tashqari bu korxonalarda ishlaydigan ishchi mutaxassislarning farzandlari ham shu korxonaga kirib ishlashga qiziqadi. Albatta men shunday bo‘lishini kutyapman. Va yana bir narsa...

Biz institut bitiruvchilarini ishga chaqiramiz, va “nimalarni o‘rgangan bo‘lsang unut”, deymiz. Bu achchiq haqiqat. Besh yil o‘qigan, to‘rt yil bakalavriatda o‘qiganlarga “o‘qiganlaringni unut, biz senga ishlashni boshqatdan o‘rgatamiz”, deymiz... Shuning uchun hozir to‘g‘ri yondashib, institutlarga chet ellik ustozlarni olib kelish kerak-da, ular ayniqsa magistraturada to‘g‘ri ta’limni tashkil etib berishlari kerak. Agar shu ishlar amalga oshirilsa davlatdan juda katta yordam bo‘lardi.

Sh.Sharipov: Keling, endi shu haqda gaplashaylik, ya’ni hozirgi sharoitda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishda davlatning roli qanday bo‘lishi kerak?

D.Vahobov: To‘qimachilik sanoati sohasida yetishmaydigan bosqichlarni to‘ldirish siyosatini yuritib, to‘g‘ri yo‘nalish berish kerak. Chet eldan keladigan buyurtmalarni bajarish uchun har bir tadbirkorga xomashyo bazasini yaratib berish kerak. Misol uchun, NM brendining 5 yoshli qizchalar uchun kiyim tayyorlash bo‘yicha buyurtmasini bajarish kerak deylik. Ular yuqori qismi 100 foiz paxta va pastki qismi poliester yoki viskoza aralashgan mato bo‘lsin deydi.

Davron Vahobov

Biz bu xomashyoni shu yerda qilib berishimiz kerak. Negaki, bitta brend keladigan bo‘lsa, bitta joydan hamma narsani olib ketay, degan niyat bilan keladi. Chunki bu logistika va iqtisodiyot qoidalariga mos keladi. Tikuv sexida shu narsalar shay bo‘lishi kerak. Davlat tarafidan hozir mahalliylashtirish, ya’ni importni kamaytirib, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar bo‘lyapti. Bu faqat tikuv sexida tayyorlanayotgan mahsulot emas, balki tikuv sexi ishlatadigan materiallar ham o‘z navbatida tayyor mahsulot sanaladi. Masalan, aksessuar masalasini olaylik. Boykot yechilganidan xursandmiz, ammo biz har tarafdan tayyor turishimiz kerak.

Sh.Sharipov: Xomashyoni davlatga yuklab qo‘yish – bu eskicha fikrlash emasmi?

D.Vahobov: Yo‘q-yo‘q. Xomashyo import bo‘lyapti. Ya’ni bo‘yalgan mato holatida. O‘shani ishlab chiqarishni buyurtma qilish. Ya’ni matoni har xil turda bo‘yash. Hozirgi kunlarda bizlarda trikotaj mato va bo‘yash bo‘yicha “nomer odin”miz. Lekin hozir o‘sha bo‘yoqxonaga 100 foiz poliester matoni bo‘yab bergin desak, qo‘rqadi. “Davlat” deganda loyihalarni, yangi qilinayotgan loyihalarni kengroq, nopaxta bo‘lgan mahsulotlardan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, o‘sha qaysidir kelayotgan yarim tayyor mahsulotning importi kamayadi. Bu yerda ishlab chiqarish rivojlantiriladi. Mana shu tarafdan yondashiladi.

J.Ismatullayev: Aralash ipni ishlab chiqarish va undan mato ishlab chiqarish juda katta investitsiyalarni talab qiladi. Shu paytgacha hamma o‘zi biladigan, o‘zi tushunadigan narsalariga investitsiya qilib kelgan. Yangilik kiritishdan hammamiz ham qo‘rqamiz. “Bo‘larmikan bu yoki ishlarmikan”, deya shubhalanamiz.

Yoki deylik, bu narsani o‘zim ishlab chiqargandan ko‘ra Xitoydan olib kelganim ancha arzon tusharkan, deb aytadi. Kimdir bu yerda “pioner” bo‘lishi kerak. Birinchi boshlab berishi kerak. Lekin orqangizda davlat tursa, ko‘ngil xotirjam bo‘ladi. Bu gapni aytishga uyalinmaydi, Bangladeshda ham shunday, biznesning orqasida davlat turadi va tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlaydi. Jaydarichasiga gapirganda davlat “Men borman, bosaver!” deydi. Davron akam aytmoqchi bo‘lgan gap shundaki, davlat bilan tadbirkor do‘st hozir: “nima kerak sizlarga, nima beray, nima qilib beray? ” deyapti.

Mana masalan, trikotaj paxtachilik zo‘r bo‘ldi, o‘z yo‘lida ketyapti. Ammo aralashda muammomiz bor. Yoki to‘qimada muammomiz bor...

D.Vahobov: Butun dunyoda hamma narsa (kiyim-kechak) toladan bo‘ladi. Tabiiy paxta tolasi va sun’iy. 107 mln tonna ishlab chiqariladi butun dunyo bo‘yicha. Bizlarda shunda bir mln tonna tabiiy tola. 107 mln tonnadan 67 mln tonnasi sun’iy tola. Ya’ni bu poliester har xil turdagi, viskoza tabiiy lekin kimyoviy tozalangani modal va shunga o‘xshaganlar. Hozir brendlarning polkasiga qo‘yishimiz uchun katta “set”ga kiradigan bo‘lsangiz, agar har bir tolani laboratoriyada skrining apparatda ko‘rib chiqadigan bo‘lsangiz, umumiy hisobda o‘sha yerda turgan brendning 30 foizi tabiiy paxta va 70 foizi sun’iy har xil tolalardan bo‘lgan. Bizning hozirgi kunda eksport qilayotgan 3 mlrd dollar haqida gapirsak, tayyor mahsulotlarimizdagi sun’iy tolalarning aralashuvi 5 foizgacha borgan.

Hukumat chiqargan oxirgi 53-qarorga muvofiq sun’iy tolalardan mato qiladigan ishlab chiqaruvchilarga olib kelingan yangi uskuna dastgohlarning qiymatidan 10 foizini davlat qoplab beryapti. Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. Misol uchun 5 mln dollarlik loyiha bo‘lsa, shuni olib kelsang, davlat 500 ming dollar beraman, deyapti. Nimaga? Tadbirkor qiziqsin, ishlab chiqarshning zanjirini qo‘ysin, deb. Bunaqa yordam kerak albatta.

J.Ismatullayev: Bir narsani qo‘shimcha qilaman, mana boykot bo‘lgan paytda chaqiruv bo‘lgan: “ishlamanglar!” Hozir mana yangi chaqiruv bo‘ladi – “ishlanglar!” Ammo ishlash uchun mana HNM kelar, yoki “Zara” kelar, xo‘p ishlamoqchimiz. Odatda bizga bitta mijoz Rossiyadan bo‘lsa ham zakaz bersa, zakazning ichida 50 foizi paxta va 50 foizi sun’iy toladan qilingan zakazlar bo‘ladi. Biz buni qilamiz, buni qilmaymiz deb aytamiz. Balki Rossiya bizga quloq solar, ammo Yevropa nima deydi? “Bu yerda ofis qurib, boshimizni og‘ritib o‘tirishning nima keragi bor? ” demaydimi?

Bitta narsani bu yerdan, ikkinchi narsani boshqa yerdan olish noto‘g‘ri. Shuning uchun to‘g‘ri gap gapirilyapti, hammayoq paxta, chunki bizning paxtamiz bor, paxtada biz zo‘rmiz! Ammo buning o‘zi qiziq emas hozir. YeChILGAN boykotdan to‘g‘ri foydalanishimiz uchun biz faqat paxtadan emas, sun’iy tolamiz ham, aksessuarimiz ham bo‘lishi kerak. Import qilinyapti, ammo ko‘zingiz bilan ko‘rmagan aksessuarga pulni naqd sanab berishingiz kerak. Qanday qilib ko‘rmay pul berasiz? Narxni osmondan olasiz, masalan 20 sent narx qo‘yasiz, holbuki uning Xitoydagi narxi 5 sent. Tabiiyki, siz kimlardandir 15 sentga qolib ketdingiz. Bu ham biz qilishimiz kerak bo‘lgan katta ish. Boykot kesildi, ammo bu ishlarni qilmasak, ertaga hammasi zo‘r bo‘lib qolmaydi.

Bangladeshni misol qilib keltiray. Biz har yili pandemiyadan oldin Italiyaga borardik. Italiyada, tasavvur qiling, katta 1000 kvadratli joyda kimoshdi savdosi emas, balki kim tushdi savdosi bo‘ladi. U yerda Bangladeshdan 70 foiz, Vetnam, Pokiston, Xitoy, Turkiya va O‘zbekiston, eng oz delegatsiya O‘zbekistondan keladi. Qiladigan ishingiz, tasavvur qiling, 100-200 kishi o‘tiribdi, hammayoqda modellar, ularning o‘zining kolleksiyasi, obrazetslar... Ana shu modellarni sanash kerak. Butun ma’lumot bor. Xuddi anavi sudyalar o‘tirgandek, tepada stolda zakazchikning vakillari o‘tiradi, savollaringiz bo‘lsa, ularga berasiz, qiladigan ishingiz – bir hafta davomida tinmasdan narx sanashingiz kerak.

Masalan, mingta model bor. Biz eng ko‘pi yetmishta modelga narx bera olardik. Nimaga? Chunki, qolganini qila olmaymiz. Sun’iy tola, boshqa narsalar... U aksessuarlar O‘zbekistonda yo‘q. Hatto ular “o‘zbekistonliklar, bunga qaramanglar, sizlardan baribir bu narsalarni olmaymiz”, deyishardi. Bangladesh paxtadan qilingan futbolkalarga ham bizdan yaxshiroq narx berardi. Biz hayron qolardik. Alohida borib gaplashganimizda, bir yangilik ochilgan: ular “biz katta korxona bo‘lishimizga qaramasdan, orqamizda davlat bor, davlat katta zaxirada paxta sotib oladi, narx o‘zgarmaydi, derdi.

D.Vahobov: Jipslashtirib turib to‘g‘ri monitoring olib borish-da, bu. Chunki monitoring qilmasangiz, ertaga 5 sent-15 sent Xitoydan olib kelish mumkin degan narsalar bor, lekin u vaqtida kelmay qolsa-chi? Bu yerda tayyor mahsulot deb kontraktga qo‘l qo‘ydi, hamma narsa tayyor, ammo tugmachaning o‘sha turi Xitoydan kelmay qoldi. Bo‘ldi, shtraflar...

J.Ismatullayev: Yoki bo‘lmasa, bir buyurtmani oldingiz. Buyurtmani olish bilan uni ijro etib jo‘natish orasida 6-7 oy vaqt. Ya’ni hozir biz zakaz olsak, uni sentyabrda yoki oktyabrda bajarib bo‘lib, yuklab jo‘natishimiz shart. Puli tushishiga yana 4-5 oy vaqt ketadi. Ammo birinchi ip-kalava sotib olishingiz bilan orasi 6 oy bo‘lsa, men 6 oy oldin sotib olishim kerakmi deyman-da, yaqinroq qolganida pulimni jalb qilib olay deyman. 3 oy yetadi ishlab chiqarishimga deyman-da, sal keyinroq sotib olishga qoldiraman. Ammo bu narx mana bunaqa o‘zgarib turgan paytda, juda ko‘pchilik manaman degan tadbirkorlar bilasiz, o‘tgan yilgi narx o‘zgarishidan ko‘pchilik aziyat chekdi. U yerda “qanaqa qilib buni bajaryapsizlar” desam, “bitta narx belgilab berilgan va biz 6 oy davomida davlatdan shu narxda sotib olishimiz mumkin”, deb aytishdi. Bu o‘sha paytdagi gaplar, balki hozir o‘zgargandir. O‘sha paytda biz ularga “zo‘r-ku bu”, deb havas qilgandik, ya’ni aylanma kapital kafolatlangan, ish deyarli kafolatlangan, faqat o‘zi borib har xil ishlarni oladi-da va biz mana shu ishlarni oldik, sizlar shu pullarni beringlar, deb aytarkan.  

Shokir Sharipov, jurnalist

Sh.Sharipov: Davlat idoralariga qanaqa tilaklaringiz bor? Balki, soliq masalasidami...

J.Ismatullayev: So‘nggi paytlarda ishlab chiqarishda biz sezayotgan narsalar nima? Birinchidan, biz tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi bo‘lganimiz uchun, o‘zimizni boshqacha his etishni boshladik. Qaysi ma’noda? Bizga davlat boshqacha ko‘z bilan qarayapti. Har taraflama yordam. Mana bitta misol, sertifikatlar masalasini aytaylik. Siz boya aytdingiz, Yevropa bilan ishlash uchun sertifikatlar olishimiz kerak deb. Ular kelishadi va aytishadi: kimda bunaqa sertifikat bor? Yo‘q bo‘lsa, siz bilan gaplashmaydi. U sertifikatni olaman desangiz, 50-60 ming. Arzonlari ham bor. Ammo jiddiylari 50 mingdan boshlanadi. Masalan, siz eksport qilib turibsiz boshqa davlatlarga. Hozircha sizdan hech kim sertifikatni talab qilmayapti.

Ammo shu 50 mingni chiqarib, kelajakda yangi bozor uchun tayyormisiz degan savol bor. Odamlarning fitratida ishi zo‘r ketayotgan bo‘lsa, har doim shunday bo‘ladi deb o‘ylaydi. Cho‘ntagidan chiqarib, 50 mingga shu sertifikatni olgandan ko‘ra, mana bu ishga sarflaganim yaxshi, deb o‘ylaymiz. Davlat nima deyapti: men senga buning yordamini beraman. Biz sarflagan pulning 80 foizini kompensatsiya qilib beryapti. O‘zimning misolimda aytsam, biz bundan foydalanyapmiz. Ba’zida qaror chiqdi, uning ijrosi yo‘q, degan gaplarni eshitib qolamiz.

Buning real ijrosi bor va biz buni o‘zimizda ko‘rdik. Ikkinchisi, “mana, biz xaridorlarimizning logistikangiz bizga to‘g‘ri kelmayapti, degan gaplarini eshitamiz, mana masalan, Yevropa sanaganda, Bangladeshdan olib kelsam mana bunaqa bo‘larkan narxi, O‘zbekiston qayerda joylashgan? U yerdan olib keladigan bo‘lsam qimmatga tushib ketyapti”, degan gaplarni gapirishgan va gapirishadi.

Esingizdami, Davron aka, Yevropaga borgandik, qancha korxonalar qachon bizni “Zara” bilan uchrashtirasiz deb, xafa bo‘lib ketib qolishdi, elchixona ham yordam berolmadi, chunki boykot bor edi! Biz bilan gaplashishni istashmasdi.

Ilgari biz dardimizni kimga aytishni bilmasdik. Hozir mana yordam beruvchilarimiz bor. Muammolar yechilyapti, “nima yordam kerak? ” deb so‘rashyapti. Qachon bizda istalgan soha rivojlanadi – davlat tadbirkorlarni eshitsa, qiyinchiliklar yechilsa. Tadbirkorlar ham albatta, g‘irromlik qilmasdan, berilayotgan imtiyozlardan, shart-sharoitlardan to‘g‘ri foydalanishi kerak. Shunda boykot yechilishi natijasini yaqin kelajakda ko‘ramiz.

Sh.Qayumov: O‘zbek tekstilini men uchga bo‘lgan bo‘lardim: yetuk katta eksportchilar, ichki bozorda ishlaydigan tekstilchilar, ular ham eksport qilishadi atrof davlatlarga, va uchinchisi – dizaynerlar. O‘rtadagilar bor. Men masalan shu toifaga kiraman. Bir paytlar ishlab chiqaruvchi bo‘lganman, hozir tekstilga oid turli sohalarda faoliyat olib boryapmiz, kiyimimizni E-kommers orqali dunyoga sotamiz.

Mana, Turkiyaga borishadi mahsulot sotib olish uchun. Asosan Laleli va Merter bozorlariga borishadi. Hammasi shu darajada osonki... U yerda Cargo bor, tovarni ko‘tarib yurmaydi, falon joyga jo‘nat deydi xolos...

Bizda ham shunday hudud qurilsa... Laleli’ga o‘xshagan, ko‘chalari bilan, yonida banklari bilan, mehmonxonalari bilan, hamma kerakli narsasi bilan, bozordan aeroportga yo‘llari bilan. Keyin MDH vakillari chaqirardik, “kelinglar, biz sizlarga hamma sharoit hamda garantiyalarni beramiz, pulingiz, tovaringizga ham” deb. Bu juda katta reklama bo‘lardi. Har kelgan odam pul tashlab ketadi bizga. Bu birinchi taklif.

Ikkinchisi – Rossiyaga eksport qilmoqchi bo‘lganlarga sharoit yaratish. Rossiyadagi katta savdo markazlaridan joy olib, ma’lum nom berib, tadbirkorlarga berilsa. Barcha MDH mamlakatlarida buni qilsa bo‘ladi. O‘zbek brendi ostida savdo qilishadi. Buni tadbirkorlarning o‘zi birlashib ham qilolmaydi, davlat tomonidan yordam kerak bo‘ladi.

Endi tasavvur eting, o‘zimizda hali aytganimizdek bozor paydo bo‘lsa, Rossiyada yuzlab savdo bo‘limlari ochilsa... eksport ancha rivojlanadi.

J.Ismatullayev: Bu yaxshi taklif bo‘ldi deb o‘ylayman. Bu taklifni boykot mavzusiga yaqinlashtiradigan bo‘lsak, buni Polsha yoki Pribaltika davlatlarida qilishni o‘ylab ko‘rish kerak. Chunki bular biz uchun Yevropaning darvozasi. O‘zbek mahsulotini dunyoga tanishtirishimiz kerak. Davlat-tadbirkor birlashib qiladigan ishlar bor, davlatning o‘zi alohida qilishi mumkin bo‘lgan ishlar ham bor. Elchixonalar vositasida.

Yana bir masalani aytmoqchi edim. Bu reputatsiya masalasi. Biz o‘zimizning ichimizda Yevropa bilan ishlay oladigan korxonalarni ta’bir joiz bo‘lsa, saralab olishimiz kerak bo‘ladi, ya’ni kerakli talablar qo‘yilishi, “mana shu darajada ishlash kerak”, degan shartlarni qo‘yish kerakdir balki. Chunki yomon narsa eksport qilinsa davlat nomiga dog‘ tushirib qo‘yishi, o‘rnimizni boshqalarga berib qo‘yishimiz mumkin.

Yevropa bilan ishlash tajribam bo‘lgani uchun bir narsani aytmoqchiman. Yevropada juda oldindan reja qilishadi, pul tikkaningizdan 9-10 oy o‘tib pulingiz qaytib kela boshlaydi. Ya’ni tadbirkor Yevropa bilan ishlashi uchun katta aylanma mablag‘i bo‘lishi kerak. Ular o‘zlariga notanish o‘zbek bozoriga oldindan to‘lov qilishmaydi. Qiladigan ishi bu — akkredetiv ochish. Shu uchun Yevropa bozoriga kirishda korxonalarimizga davlatdan yordam kerak bo‘ladi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Top