07:49 / 24.03.2022
4422

Davlat korxonalarini investorlarga sotish soddalashtirildi 

Foto: Depositphotos

Prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlang‘ich narxini e’lon qilmagan holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan, shu jumladan, professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali xususiylashtiriladigan davlat aktivlari ro‘yxati Davlat tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Professional tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan aktivlar bo‘yicha investorlarning takliflari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional tashkilotlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi.

Davlat tender komissiyasi qarori asosida talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan sotiladigan davlat ko‘chmas mulk obektlari yoki davlat ulushi bo‘yicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi, bundan qiymati 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda sotish holatlari mustasno.

Xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan shu’ba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va ko‘chmas mulk obektlarini sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablag‘lar xususiylashtirish va ijaraga berish natijalari to‘g‘risidagi axborotda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlaridan davlat ko‘chmas mulk obektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish bo‘yicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa taqdim etiladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga o‘tkazilishi tovarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi.

Davlat aktivlari bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi.

Davlat ko‘chmas mulk obektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan va sotib olish to‘lovini to‘liq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i mazkur obektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanadi.

Xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini, jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini saqlash bo‘yicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mazkur talabning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yuklatiladi.

Top