15:57 / 25.03.2022
8920

Bir necha kun oldin vodiy viloyatlarida gaz bosimi teng yarmidan ham pastroqqa tushgani ma’lum bo‘ldi

Kun.uz tanqidiga javob qaytargan “O‘ztransgaz” tabiiy gaz “belgilangan limit doirasida bir maromda yetkazib berilayotgani”ni iddao qildi, biroq tahririyat surishtiruvi natijalari buning aksini ko‘rsatdi. “O‘ztransgaz” yolg‘on ketidan yolg‘on to‘qiyaptimi?

Foto: Getty Images

So‘nggi haftada (Navro‘z bayrami arafasida va bayram kunlari) vodiy viloyatlaridagi aholi xonadonlari va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz bosimi pasayib ketgani haqida murojaatlar yog‘ila boshladi.

Jumladan, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Bo‘ston mahallasi, Shahrixon shahar Bobojonov mahallasi, Asaka tumani Ergashobod mahallasidan fuqarolar bayram kunlari gaz bosimi pasayib, o‘chib qolgani bo‘yicha murojaat qilishgan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining bir qator hududlaridagi hovli hamda ko‘p qavatli uylarda ham tabiiy gaz bosimi pasayishi holatlari kuzatilgan.

Farg‘ona shahri “Afrosiyob” MFYga qarashli Mohlaroyim, Obodlik, Oqibat ko‘chalaridagi xonadonlarda (20 martdan boshlab), Qirguli mavzesi “Hamkorlik” MFY Qo‘qon ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda gaz bosimi pasayishi yuz bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuqorida keltirilgan mazmundagi xabarlar tarqalganidan so‘ng tabiiy gazni aholi va mijozlarga sotuvchi operatorlarga, xususan, “Hududgazta’minot” korxonalariga yetkazib beruvchi “O‘ztransgaz” AJ bayram kunlari aholiga gaz ta’minoti bo‘yicha cheklovlar kiritilganini rad etdi.

“Ayni vazifani mas’uliyat bilan amalga oshirish, xususan, bayram kunlarida aholi va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan”, deyildi xabarda.

“O‘ztransgaz”ning gaz bosimiga hech qanday cheklovlar qo‘yilmagani haqidagi xabaridan so‘ng Kun.uz’ning “Hududgazta’minot”dagi manbasi mazkur xabarni inkor qiluvchi hujjatni yubordi.

“O‘ztransgaz” AJ tomonidan 17 mart kuni Energetika vazirligi, “Hududgazta’minot”, “Issiqlik stansiyalari”, “O‘zkimyosanoat” jamiyatlari va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi havoning sovishi oqibatida gaz bosimi pasayishidan ogohlantirilgan.

O‘zbekiston hududida havoning sovishi kutilayotgani, tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlarda va tabiiy gaz importi bilan bog‘liq defitsit yuzaga kelishi va buning oqibatida Toshkent va Farg‘ona vodiysi hududlariga boruvchi tizimdagi quvurlarda tabiiy gaz bosimi pasayadi”, deyiladi “O‘ztransgaz”ning rus tilidagi faksogrammasida.

Kun.uz tanqididan so‘ng 24 mart kuni takroran bayonot bergan “O‘ztransgaz” o‘zini oqlashga urindi. Bayonotda jumladan shunday deyiladi:

“Shu o‘rinda joriy yil 23 mart kuni Kun.uz saytida e’lon qilingan “O‘ztransgaz”ning yolg‘on bayonoti” sarlavhasi ostidagi xabarga to‘xtalsak. Xizmat xatining aniq tarjimasi quyidagicha: faksogrammada asosiy iste’molchilar Toshkent va vodiy viloyatlarida havo harorati tushishi natijasida tabiiy gaz iste’moli keskin oshishi sababli gaz transport tizimida bosim minimal ko‘rsatkichlarga tushishi mumkinligini inobatga olgan holda ishlashi haqida ma’lumot berilgan, xolos. Bunda cheklovlar kiritilishi xaqida na ko‘rsatma va na topshiriq bor”.

Ta’kidlash lozim, faksogrammadagi “tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlarda va tabiiy gaz importi bilan bog‘liq defitsit yuzaga kelishi” haqidagi qism idora bayonotidan tushirib qoldirilgan.

Shu bilan birga, darhaqiqat, “O‘ztransgaz” faksogrammasida cheklov haqida aytilmay, “Havo harorati tushishi natijasida tabiiy gaz iste’moli keskin oshishi sababli gaz transport tizimida bosim minimal ko‘rsatkichlarga tushishi mumkinligini inobatga olgan holda ishlash” tavsiya qilinadi.

Biz vodiyning uch viloyati “Hududgazta’minot” jamiyati dispetcherlari bilan bog‘lanib, minimal ko‘rsatkich va bayram kunlari aholiga gaz yetkazib berishda cheklovlar bo‘lganini surishtirdik. Ma’lum bo‘lishicha, “O‘ztransgaz” tomonidan vodiy viloyatlariga minimal ko‘rsatkichdan ancha kam bosim ostidagi tabiiy gaz berilgan. Quyidagi jadval tahrirsiz berilmoqda.

Jadvalda ko‘rinib turganidek:

  • “Hududgazta’minot” Farg‘ona korxonasiga 19 mart kuni minimum zarur bo‘lgan 4,0 kgs/sm2 bosim o‘rniga uning yarmidan sal ko‘proq – 2,1, 20 mart kuni esa 1,4 bosimda tabiiy gaz berilgan.
  • Andijon viloyatiga 19 mart kuni 4,7 kgs/sm2 bosim o‘rniga 2,6, 20 mart kuni esa 3,0 kgs/sm2 miqdorida tabiiy gaz berilgan.
  • Namangan viloyati hududida ham 19 mart kuni iste’molchilarga zarur minimumning yarmidan ham kamroq – 5,1 kgs/sm2 o‘rniga 2,2 berilgan bo‘lsa, 20 mart kuni 3,1 bosim ostida tabiiy gaz berilgan.

Gaz bosimi “O‘ztransgaz” faksogrammasida aytilganidek minimal ko‘rsatkichda emas, balki minimalning ham yarmi miqdorida bo‘lgan. Bu esa o‘z-o‘zidan iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda cheklovlarni keltirib chiqargan.

“Bayram kunlari magistraldagi gaz bosimi tushib ketganidan so‘ng viloyatning chekka hududi bo‘lgan Paxtaobod va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida me’yordagi bosimning teng yarmidan ham kam bo‘lgan tabiiy gaz berildi. Ikki tumandagi metan “zapravka”lar tush paytida o‘z-o‘zidan o‘chib qoldi. Asaka, Oltinko‘l va boshqa tumanlarda ham cheklov o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi. Magistral quvurlarda gaz bosimi pasaygach, holatni yaxshilash uchun hech narsa qila olmaymiz, aholi, ya’ni mijozlarning savollariga javob berishga qiynalamiz”, deydi Andijon “Hududgazta’minot” katta dispetcheri Abdurashid Rahmatullayev.

Endi “O‘ztransgaz” bayram kunlari aholiga gaz ta’minoti bo‘yicha cheklovlar kiritilganini rad etgan xabarga qaytsak.

“Tun-u kun navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan tizim korxonalari tomonidan strategik ahamiyatga ega korxonalar, aholi va ijtimoiy soha obektlariga tabiiy gaz uchun hech qanday cheklov o‘rnatilmagan, tabiiy gaz belgilangan limit doirasida bir maromda yetkazib berilmoqda”, deyiladi “O‘ztransgaz” bayonotida.

Xo‘sh, “tabiiy gaz belgilangan limit doirasida bir maromda yetkazib berilgan” bo‘lsa, gaz bosimi nega minimumdan ikki baravar kam?

Necha yillardan beri aholi qish-qirovli kunlarni yurak hovuchlab o‘tkazadi. Tabiiy gaz bosimi pasayganida iste’molchi “Gaz beringlar!” deya haqli talab bilan ta’minotchiga chiqqanida “Hududgaz” yetkazib beruvchining quvurlarida bosim pasayib ketganini ro‘kach qiladi. “O‘ztransgaz” muammolar yechimi borasida ham faksogrammasi “noto‘g‘ri talqin qilingani”ni isbotlashga bel bog‘laganidek shijoat ko‘rsatsa xalq ko‘proq rozi bo‘lardi.

Yoki hech bo‘lmaganda, Kun.uz’ni “faksogrammani xato tarjima qilgan”likda ayblagan tashkilot o‘sha bayonotida gaz bosimi haqiqatan ham kamayib ketganini tan olib qo‘ysa yaxshi bo‘lardi...

Elmurod Ermatov

Top