14:36 / 25.03.2022
14920

“O‘n yil tilab olgan bolam bu” - dard qarshisida yolg‘iz va ojiz ayol iztirobi

Firdavsdagi birlamchi immunitet tanqisligi xastaligi bolakayni bir qator kasalliklarga mahkum qilmoqda. Otasiz o‘sayotgan bemorga xorijda davolanish uchun yordam kerak.

Vujudini dard kemirayotgan bolalarning ko‘zlarini ko‘rganmisiz? Beg‘uborlikka qorishgan og‘riq, azob, alam mujassam ularda. 2 yoshli Firdavs ham shularning biri. U tug‘ilibdiki, isitma bilan yashamoqda. Bolajonga birlamchi immunitet tanqisligi tashxisi qo‘yilgan. Shu kasallik sabab norasida go‘dak ota mehri va parvarishisiz ulg‘aymoqda.

“Bolam tug‘ilganidan boshlab tana harorati ko‘tariladi. Haligacha shu ahvol, shifokorlar birlamchi immunitet tanqisligi tashxisini qo‘yishgan. Bu xastalikning 400 dan ortiq turi bor ekan. Qaysi turi ekanini aniqlatsak, shunga qarab davo muolajalarini qilar edik. Buni O‘zbekistonda tekshirishniyam, davolatishniyam iloji yo‘q, imkoniyatga qarab xorijga borib davolanish mumkin”, — deydi bemor bolaning onasi Saida Islomova.

Immunitet tanqisligi sabab Firdavsda boshqa kasalliklar ham bo‘y ko‘rsatgan: o‘t pufagida tosh yig‘ilishi, jigar shishishi, tutqanoq belgilari, oshqozonosti bezi faoliyati buzilishi bilan bog‘liq holatlar kuzatiladi.

“Ba’zida bolamga qanday yordam berishni ham bilmayman. To‘g‘ri davolasak, tuzalib ketadi degan umiddaman. 10 yil farzand kutib tug‘ilgan bolam nosog‘lom tug‘ilgani sababli turmush o‘rtog‘im bilan ajrashdik. Hozir pensioner ota-onam bilan yashaymiz. Ular ham imkon qadar dorilarimizga yordam berishadi. Bir oyda dorilarga 15–20 mln so‘m pul ketadi, judayam qiyin bo‘lyapti. Bir dardini davolasak, ikkinchisi bezovta qiladi. Onaman – bolamni shunchaki tashlab qo‘yolmayman”, — deya ko‘z yoshlarini tiya olmaydi onaizor.

Firdavsga muntazam parvarish kerakligi uchun onasi biror joyda ishlay olmaydi. Bolaga esa dorilar va muolaja judayam zarur. Uning hayoti aynan shu muolajalarga bog‘liq. Oramizda bir onaning nolalariga, bir begunoh bolaning dardli nigohlariga befarq bo‘lmagan yaxshilar nihoyatda mo‘l. Ularning ko‘magidan umidvormiz.

Firdavs Islomovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 3749 6280 onasi Saida Islomova nomida

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top