14:28 / 25.03.2022
30777

«To‘liq birdamlik»: NATO sammitidan asosiy iqtiboslar

Bryusseldagi sammitda NATO davlatlari yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javob choralarini muhokama qilishdi. Xususan, prezidentlar va bosh vazirlar Ukrainaga qanday yordam berish masalasida, shuningdek, bundan keyin Yevropa va jahon xavfsizlik tizimi qanday o‘zgarishi borasida qarorlar qabul qilinmoqda.

Foto: AP Photo/Olivier Matthys

Quyida sammitda chiqish qilgan AQSh prezidenti Jo Bayden, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hamda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg tomonidan yangragan asosiy gaplar keltiriladi.

Bayden: to‘la birdamlik

AQSh prezidenti Jo Bayden Bryusseldagi matbuot anjumanida Rossiyani «Katta yigirmatalik» a’zoligidan chiqarish borasidagi tashabbus tarafdori ekanini aytdi.

«Mening javobim - ha, qarorni - «yigirmatalik» hal qiladi», dedi Bayden jurnalistlar savollariga javob berish chog‘ida.

Bundan tashqari, Bayden agar Rossiyani chiqarib yuborish bo‘yicha bir qarorga kelinmasa, G20 sammitlariga Ukrainani taklif qilish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Men masalani ko‘tardim, agar buning imkoni bo‘lmasa [Rossiyani chiqarish], agar [G20 ga raislik qiluvchi] Indoneziya va boshqalar bunga ko‘nmasa, Ukraina ham bu uchrashuvlarda ishtirok etishi zarur», degan AQSh prezidenti.

Baydenning chiqishi alyansni birlikka chaqirishga bag‘ishlandi.

«Putin NATO bo‘lingan deb o‘ylaydi. Suhbatlarimizda u bizni birdamlik ko‘rsata oladi deb o‘ylamasligi ayon bo‘lgan. U bosqinni boshlayotganida nimani kutgan bo‘lsa, butunlay teskarisini oldi. NATO bugun har qachongidan ko‘ra birdamroq», degan AQSh prezidenti.

Rossiya prezidentini tiyib turish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolga javoban Bayden sanksiyalar samara berishiga umid bildirgan.

«Sanksiyalarni davom ettirish - yanada og‘riqli qilish - bir oydan keyin ham bugun qilayotgan ishimiz to‘g‘riligiga amin bo‘lish. Va bu uni to‘xtatadi», degan u.

Jonson: Ukraina qurolli kuchlariga yanada ko‘proq qurol

Foto: ANADOLU AGENCY

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘zi ishtirokidagi matbuot anjumanida NATO mamlakatlari Ukrainani Rossiya bosqinidan himoyalanish uchun «kerakli sifatda va kerakli miqdorda» qurol bilan ta’minlash qiyin bo‘lishini tan oldi.

Jonson Britaniya va uning vaziyat bo‘yicha baholariga qo‘shilgan NATOdagi ittifoqchilar Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmini oshirishiga va’da berdi. Birlashgan Qirollik Ukraina qurolli kuchlariga yana 6000 ta tankka qarshi raketalar va boshqa qurollar yetkazib berishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga Jonson Rossiyaga sanksiyalar bosimini oshirishga chaqirib, besh mingdan ortiq xususiy shaxslar va kompaniyalar britan sanksiyalariga duchor bo‘lganini qayd etgan.

«Bu hali boshlanishi», - dedi bosh vazir.

«Biz Putinga Ukraina yolg‘iz emasligini bildirib qo‘ymoqchimiz. Biz Kiyev, Mariupol, Lvov va Donetskdagi odamlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ukraina prezidenti Zelenskiyning o‘zi aytganidek, Ukraina xalqi g‘olib bo‘lishi, Putin esa mag‘lubiyatga uchrashi kerak», degan Jonson.

Vladimir Zelenskiyning Ukrainaga NATO tanklari va samolyotlari yetkazib berish bo‘yicha iltimosini bajarish, Jonsonning fikricha, logistik nuqtayi nazardan qiyin bo‘ladi.

Jonson Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonidan aytilgan, u G‘arbdagi «Rossiyaga qarshi poyganing eng faol ishtirokchisi ekani» haqidagi gaplarga ham munosabat bildirdi.

«Mutlaqo yo‘q, faqat men emas. O‘ylaymanki, men Britaniya bosh vazirlar ichidagi Boris ismli ilk odamman», degan Jonson.

«Ammo men yana o‘ylaymanki, biz barchamiz hozirda Vladimir Putin qilayotgan ish - bu falokat, uning boshqaruvidagi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi - noinsoniylik va varvarlik, deb hisoblaymiz», deya qo‘shimcha qilgan britaniyalik bosh vazir.

Stoltenberg: Putin xatoga yo‘l qo‘ydi

«Prezident Putin mustaqil, suveren xalqqa qarshi urush boshlab, katta xatoga yo‘l qo‘ydi. U ukrain xalqining kuchini, ukrain xalqining jasurligini va ularning qurolli kuchlarining qudratini to‘g‘ri baholamadi va o‘zi kutganidan ancha jiddiy qarshilik bilan to‘qnashdi», degan alyans yetakchilariga murojaatida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

U Rossiyaning tajovuzi mavjud harbiy tiyib turish tizimlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkinligi va bu tizimning asoslari hozirgi sammitda o‘rtaga tashlanganini aytib o‘tgan.

«Fakt shuki, biz o‘z avlodimizdagi eng jiddiy xavfsizlik inqirozi bilan to‘qnashdik», degan u.

«Bugungi uchrashuv Yevropa va Shimoliy Amerikani bu inqiroz qarshisida birlashtirish muhimligini ko‘rsatdi. Biz - dunyodagi eng kuchli alyansmiz va biz birga ekanmiz, xavfsizlikda bo‘lamiz», deya qo‘shimcha qilgan bosh kotib.

Stoltenberg NATO kuchlari urushga jalb etilishi rejalashtirilmayotganini alohida qayd etgan.

«Biz Ukrainani ilg‘or raketalar hujumidan mudofaa tizimlari, tankka qarshi qurollar, o‘q-dori va yonilg‘i bilan ta’minlaymiz. Ittifoqchilar Ukrainani ko‘plab turli sohalarda qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo shuni aniq aytish kerakki, biz NATO kuchlarini mojaroda ishtirok etish uchun jo‘natmaymiz - quruqlikda ham, havoda ham. Bu qaror shu bilan asoslanadiki, biz bu mojaro yanada ko‘p azob-uqubatlar, o‘lim va vayronagarchiliklarga olib kelmasligi uchun Ukraina chegaralaridan tashqariga tarqalmasligiga mas’ulmiz», deydi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top