20:46 / 28.03.2022
5902

2021 yilda 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi

O‘tgan yili O‘zbekistonda 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan, 19 nafar sudya vazifasidan bo‘shatilgan. Sudyalar oliy kengashi hisobotiga ko‘ra, 2021 yil davomida odil sudlovga aralashish bilan bog‘liq tasdiqlangan holatlar soni to‘rtta, shundan ikkitasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

28 mart kuni AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda kengashning 2021 yil va 2022 yilning birinchi choragidagi faoliyati yuzasidan ma’lumot berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari Alisher Jalilovning ma’lum qilishicha, 2021 yilda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar faoliyati o‘rganilib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan.

2022 yilning birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan bo‘lsa, intizomiy javobgarlikka tortilganlar soni 46 nafarni tashkil etadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2021 yilda odil sudlovga aralashish bilan bog‘liq 4 ta holat bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga taqdimnomalar kiritilgan. Natijada aybdor shaxslarga nisbatan 2 ta jinoyat ishi va 2 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

2022 yil birinchi choragida esa sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashish bo‘yicha holat qayd etilmagan.

Mavzuga oid
Top