08:17 / 28.03.2022
5155

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy instituti tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga muvofiq, Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MChJ negizida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va uning tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil qilingan.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini o‘rganish va joriy etish;
  • qayta tiklanuvchi energiya va vodorodni ishlab chiqarish, yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish;
  • ilg‘or davlatlarning mazkur sohalardagi ilmiy muassasalari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik o‘rnatish va ular ishtirokida tadqiqotlarni tashkil qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularda ishtirok etish;
  • mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorodni ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi hamda ushbu turdagi energiya bilan ishlovchi uskuna, qurilma va texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash.

Institut yuridik shaxs hisoblangan davlat ilmiy tashkiloti bo‘lib, Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MChJning shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Quyidagilar tasdiqlandi: institut tuzilmasi; institutning respublika davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich maqbullashtirish jadvali.

Top