19:43 / 29.03.2022
12827

6 oy ta’mirlangan maktab devorlari 3 oyga bormay yorildi

O‘tgan yilning 30 dekabrida qurilishi yakunlanib foydalanishga topshirilgan maktab binosida 1-2 santimetr kattalikdagi yoriqlar paydo bo‘lganini o‘qituvchilar mart oyining boshlarida ko‘rib qolishdi. Namangan tumani Ravnaq qishlog‘idagi 360 o‘rinli 29-maktab qurilishi o‘tgan yilning iyul oyida boshlanib, 6 oy davom etgan edi.

Foydalanish uchun qabul qilish dalolatnomasiga Namangan viloyatining 16 ta mas’ul tashkilot vakillari imzo chekib, “Obod qurilish ta’mir servis” jamiyati obektda mukammal qayta qurish ishlarini yaxshi holatda yakunlaganini tasdiqlagan.

Maktabga borganimizda binoning yoriq paydo bo‘lgan birinchi qavatida qurilish ishlarini olib borgan tashkilotning ellik nafarga yaqin ishchilar guruhi jadallik bilan ish olib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, binoning oldi yo‘laklariga “bruschatka” bosish ishlari ham ketayotgan edi.

Bino xona va yo‘laklaridagi yoriq joylar suvalib, berkitilibdi. Ko‘rinib turardiki, “mukammal” qurilib topshirilgan binoda ishlar u darajada mukammal bo‘lmagan edi, chog‘i.

Biz binoni qabul qilib olgan mutasaddilar, buyurtmachi tashkilot – “Namangan viloyat hokimligining yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” mas’ullari, quruvchilar va maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashdik.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilovning izohi quyidagicha bo‘ldi:

“360 o‘rinli maktab binosi investitsiya dasturi asosida qurilgan, bundan tashqari qo‘shimcha 80 o‘rinli bino mukammal ta’mirlab berilgan. Biz qabul qilib olganimizda binoda birorta yorilgan joy yoki boshqa xato-kamchilikni ko‘rmagan edik. Barchasi chiroyli edi.

Keyinchalik ekspluatatsiya davrida o‘quvchilarimizni ta’tilga chiqishi oldidan kanalizatsiyadan suv oqishi oqibatida parda devorlarda cho‘kish hosil bo‘ldi. Mahalliy aholi va o‘qituvchilar tomonidan murojaat qilingach, biz “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasiga chiqdik. Shundan so‘ng Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Saidahmad Sultonov boshchiligida tuman mutasaddilari ishtirokida qurilishga mas’ul tashkilotlari bilan maktabda majlis bo‘ldi.

Quruvchilar holatni ko‘rib, yuk ko‘tarib turuvchi emas, o‘rtadagi “par devorlar”da yoriqlar paydo bo‘lganini aytishdi va o‘sha kundan boshlab ish ketyapti. Qurilish ketayotgan paytda men kelib ko‘zdan kechirganimda mana shu “par devorlar”ni yarimta g‘isht bilan urishayotganini ko‘rib hayron bo‘lgandim, boshqa qurilishlarda bunday devorlar gipsokarton bilan qilinar edi. Quruvchilar loyihada shunday berilganini aytishdi. Hozir ko‘rib turibsizlar, bu joyda kamchilikni to‘g‘rilash uchun 30-40 nafar odam ishlayapti”.

Obekt buyurtmachisi Namangan viloyati yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Mazkur tashkilot bosh muhandisi Oybek Hojiyev maktabda qayta olib borilayotgan ishlarni nazorat qilgani kelgan ekan. Mutasaddiga savollar bilan murojaat qildik.

— Obektni qabul qilishda e’tiborsizlik qilinmaganmidi?

— Biz binoni mukammal qurilganini o‘rganib chiqib qabul qilganmiz. Kanalizatsiya quvurlaridan suv sizgani uchun mana shu holat kelib chiqdi. Topshirilgan paytda birorta yoriq yoki darz ketgan joy yo‘q edi.

Mutaxassislar kelib, o‘rganib ichki kanalizatsiya quvurlaridagi chokdan suv sizganini aniqlashdi. Buning oqibatida xonalar o‘rtasidagi “peregorodka”larning cho‘kishi hisobiga 1-2 santimetrli yoriqlar paydo bo‘lgan. Loyihachilar bilan kelishib, mana shu “peregorodkalar”dagi kamchiliklarni bartaraf etyapmiz.

— Bino qurilishi qachon boshlangan edi, o‘z muddatida topshirildimi?

— 29-maktab binosida qurilish-montaj ishlari 2021 yilning iyul oyida boshlanib, dekabr oyining oxirida mukammal bitirilib topshirilgan.

— Maktab binosining 6 oyda bitkazilishi oz fursat emasmi?

— Biz shartnoma bo‘yicha qurilish tashkilotiga 6 oy muddat berganmiz, tashkilot jadval bo‘yicha o‘z ishini tamomlagan.

— Devorlardagi yoriqlar suvab berkitilibdi. Ertaga yana yorilib ketmasligiga kim kafolat beradi?

— Biz devorlarni suvamadik, loyihachi bilan kelishib, birinchi qavatdagi “peregorodka”larni gipsokarton bilan boshqatdan qurib chiqdik. Ta’kidlab aytaman, binoning asosiy yuk ko‘taruvchi devorlarida, poydevorida cho‘kish holati yo‘q. Faqat xonalar o‘rtasidagi “peregorodka”larga zarar yetgan.

— Binoni qurilish tashkiloti mukammal holatda topshirgan bo‘lsa, nega tashqaridagi bruschatkalar qayta yotqizilyapti. Ichkarida faqat bitta devor yorilgan bo‘lsa, butun boshli 1-qavat qaytadan ta’mirlanmoqda. Bu ortiqcha xarajat degani emasmi?

— Bino topshirilganidan so‘ng maktabga mebellar katta yuk mashinalarida olib kelingan. Shunda tashqaridagi bruschatkalarga zarar yetgan, shuning uchun qaytadan yotqizilyapti. Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan pudratchi tashkilotga umumiy summaning 95 foizi o‘tkazilgan, 5 foizi esa qolgan. Qolgan summa bir yil davomida o‘tkaziladi. Pudratchi yil davomida kamchiliklar yuzaga kelsa, to‘g‘rilashi lozim. Ichkarida esa “peregorodka” qismlarini buzib qaytadan qurish ishlari ketmoqda.

Biz shundan so‘ng pudratchi – “Obod qurilish ta’mir servis” qurilish tashkiloti muhandisi Abdulhodi Rahmonov bilan suhbatlashdik. Muhandis ham yuqoridagi sabablarni aytdi xolos.

Maktab o‘qituvchilari sinf xonasiga to‘plangan ekan. Ularning oldiga mas’ullar bilan birga kirganimiz tufayli savollarimizga qimtinib, hadik bilan javob berishdi (bu haqda keyinchalik biz bilan telefon orqali bog‘lanib ma’lum qilishdi).

“14 mart kuni kelsak, tibbiyot xonasida yoriq paydo bo‘lgan ekan. Undan oldin chiziqlar tushganini ko‘rgan edik. Yoriqning kattaligi 3-4 santimetr, ikki barmoq sig‘adigan edi. Tasvirga tushirib ota-onalarga jo‘natsam, tarqab ketibdi. Endi bolalar ta’lim oladigan dargohda bunday holat xavf tug‘dirishi aniq-ku? Hozir mana quruvchilar ish olib borishib, tez kunlarda kamchiliklar bartaraf etilishini aytishmoqda”, deydi maktab psixologi Muslimbek G‘apparov.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilfuza Yunusova va maktab direktori Shukrillo Nuriddinovlar ham bino foydalanishga topshirilganida hech qanday kamchiliklar bo‘lmaganini, balki uzoq muddat yog‘gan yomg‘irlar binoga ta’sir qilgani uchun shunday hol ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

Quruvchi va mutasaddilar zo‘r berib yoriqlar binoni ushlab turuvchi asosiy devorlarda emas, balki xonalar oralig‘idagi to‘siq sifatida qurilgan devorlarda paydo bo‘lganini, yoriqlar aniqlangan devorlarni buzib qayta qurishganini ta’kidlashdi. Biz aslida ham vaziyat shunday deb umid qilamiz, axir kelajak avlod ta’lim oladigan bino qurilish me’yorlari asosida mukammal bunyod etilishi, bolalar xavfdan xoli bo‘lgan binoda dars olishlari kerak.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Top