20:33 / 29.03.2022
47562

“Odamlar qo‘rquvdan yosh chaqaloqlarni quchib yotardi”: Andijondagi kalamush bosqini

2000 yillar vodiy ahli uchun juda katta hududni qamrab olgan kalamushlar bosqini bilan yodda qolgan. Odamlar nafaqat yeguliklari, balki yil davomida ko‘z tikilgan hosillaridan ham ayrildilar. Hatto, inson hayotiga ham xavf tug‘ila boshlagandi.

Foto: KUN.UZ

U yillarning o‘ziga xosligi hali internet, ijtimoiy tarmoqlar rivojlanmagan, rasmiy OAV bunday muammolarni ko‘p ham yoritavermasdi. Aniq sabablari noma’lum tarzda Farg‘ona vodiysida, xususan Andijon viloyatining qator tumanlarida kalamushlar nihoyatda ko‘payib ketdi. Kalamush kabi zararkunanda har doim ham bo‘lgan va katta ehtimol bilan hamisha bo‘ladi. Ammo o‘sha yillarda vodiyda tom ma’noda kalamushlar bosqini kuzatildi. Kalamushlar har doimgilarga nisbatan ancha katta, uzun mo‘ylovdor va juda tajovuzkor edilar. Suvda bemalol suza olar, odamdan qo‘rqmas, eng ehtiyot qilingan oziq-ovqatni ham topa bilishardi.

O‘sha jarayonlarga bevosita guvoh bo‘lgan ayrim yurtdoshlarimiz bilan suhbatda bo‘ldik.

Ahliddin Mamadaliyev: “Omborlarda ham don-dun saqlashning iloji bo‘lmay qoldi”

– O‘sha yillar yaxshi esimda. Kalamushlarning kechalari tomda qiy-chuv qilib yugurishlaridan uxlolmay chiqardik. Bu shunchalik uzoq vaqt davom etdiki, oxiri ko‘nikib ham qoldik. Oldin qoldiq ovqatlarni, chiqindilarni titib yeyishni o‘rganishdi. Keyin zaxiralarimizga o‘tishdi, oxir oqibat, qayerga nima yashirmaylik, topib ola boshlashdi.

Shunchalikka borishdiki, umuman uyda biror narsa saqlay olmay qoldik. Bozorlarda ham narx-navo sezilarli osha bordi. Chunki omborlarda ham don-dun saqlashning iloji bo‘lmay qoldi.

Ko‘chalarda kalamushlar to‘da-to‘da bo‘lib yurishni o‘rganishdi, ariqlarda suza boshlashdi. Avvaliga odamni ko‘rsa qochib ketishardi, keyin-keyin yoniga borib haydasa ham ketmaydigan bo‘lib ketishdi.

Madamin Homidov: “Jonzotga ham aql kirarkan”

– Butun bir makkapoya (makkajo‘xorizor) shamol bo‘lmasa-da, shamoldek shovillab qimirlab turishini tasavvur qila olasizmi? Kalamush shu darajada ko‘paygandiki, butun dalalarni qoplab olardi, makkapoyalarga chiqib ketib, yerga yiqitib yeyishardi.

Mollarning yemini ham saqlab bo‘lmay qoldi. Tovuqning tuxumiga qiron keldi. Bir holatni aytsam hayron bo‘lasiz – odamlar tuxumni savatga solib, simga osib qo‘yadigan bo‘lishdi. Kalamushlar simga osilib savatga tushganda ham tuxumni olib tushib keta olmaydi, deb o‘ylashganda. Kalamushlar esa shuning ham yo‘lini topishdi: bittasi simga osilib savatga tushadi. Keyin tuxumni dumalatib, bittalab pastga tashlaydi. Pastda qolgan sheriklari g‘uj bo‘lib turishadi, tuxum ularning ustiga tushib, pachaqlanib ketmaydi. Olib ketishni qarang – bittasi tuxumni quchoqlaydi, qolganlari dumidan, oyoqlaridan sudrab ketishadi. Bir jonzotga aql ham bitarkan-da bunaqa paytlarda...

Muborak Yo‘lchiyeva: “Kalamush tishlagan odamlar shifoxonalarda davolanib chiqqandi”

– Kalamushning odamni tishlashiga bugun birov ishonmasa kerak. 2000 yillardagi zararkunanda bosqinida bir necha qarindoshlarimizni kalamush tishlagan. Ko‘pchilik shifoxonalarda davolanib ham chiqqandi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, odamlar qo‘rquvdan yosh chaqaloqlarni quchib yotadigan bo‘lishdi. Chunki beshikdagi bir bolaning qulog‘ini kalamush g‘ajigani haqidagi vahimali xabarlar tarqalgandi.

O‘sha yillari “O‘t balosidan, suv balosidan, kalamush balosidan asrasin” deb duo qilish urf bo‘lgani esimda.

Dilmurod Nabiyev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i: “Biologik qurol” degan fikrlar ham paydo bo‘lgandi”

– Bu sanitar-epidemiologik jihatdan juda jiddiy muammoga aylangandi. Odamlar orasida bu “Biologik qurol” degan fikrlar ham paydo bo‘lgandi. 2000 yillarda ko‘paygan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay bu muammoga respublika miqyosida e’tibor qaratildi. Hukumat tomonidan alohida mablag‘ ajratildi, komissiya, ishchi guruh tuzildi. O‘latga qarshi kurash markazidan mutaxassislar Andijonga kelishdi va zararkunandalarga qarshi rejalar tuzib olindi. Chunki bu zararkunandalar o‘lat, quturish kabi kasalliklarning tashuvchisi hisoblanadi. Yaxshiki, kalamushdan jarohat olganlar bo‘lsa-da, bu kasallik qayd etilmagandi.

Don-dun, hayvonlar ichak-chavog‘i va boshqa qoldiq a’zolaridan maxsus yemaklar tayyorlandi, bu yemaklar zaharlanib, tarqatib chiqildi. Shundan keyin bu muammo chekindi, kalamushlar ko‘payishi kamaydi. Ko‘pchilik mangust degan allaqanday jonivorlar paydo bo‘lib, kalamushlarni yeb bitirdi, deyishadi. Lekin aynan xodimlarimizning zaharlash ishlaridan keyin bu muammoga chek qo‘yildi. Hozirgacha bu borada muntazam monitoring olib boriladi. Chunki ozgina e’tiborsizlik qilinsa, bu zararkunandalar ko‘payib ketib, xalq xo‘jaligi va inson salomatligiga katta zarar yetkazishi mumkin.

Mahmudjon Rahimov, ovchi: “Bu balo suvda ham yaxshi suzardi”

– Men Oltinko‘l tumani Qoradaryo bo‘yida yashayman. Baliq ko‘llarim bor, ovchiman. O‘sha kalamushlar haqiqiy ofat edi. Kechqurunlari mo‘r-malaxdek harakatlanishganini ko‘p guvohi bo‘lganman. Hayratlanarli tomoni suvda ham xuddi quruqlikdagidek tez harakatlana olgani bo‘lgan. Ariq, zovur, soylardan bir to‘da bo‘lib suzib o‘tib ketishardi. Ularga qarshi qilingan zaharni yeb bir kalamush o‘lsa, o‘sha zaharga qaytib boshqasi yaqinlashmagan. Zahar yeb o‘lgan kalamushlar yerto‘lalarda o‘lib, ularning o‘lik tanasida burgalar ko‘payib, qishloq xonadonlarini burga bosgan. Burgalardan uch-to‘rt yilda zo‘rg‘a qutilganmiz.

Ularni o‘ldirishning ko‘p yo‘llarini qilib ko‘rganmiz. Elektr toki bilan ishlaydigan qopqon qilganimizda, bittasi o‘lgach boshqasi yaqinlashmay qo‘ygani esimda. Sezgir jonivor edi. Ko‘payib ketishsa, guruh bo‘lib itlarga ham hujum qilishgan. Ular orasidan bittasi xabarchi vazifasida bo‘lib, xavf ko‘paysa chiyillab boshqalarini ogohlantirar edi.

Ularni zaharlab o‘ldirib tugatishmagan, menimcha. Kalamushlar migratsiyasi edi, bilaman. Ular o‘zlari ketib qoldi. Mana, hozir ham o‘zimizda doim bo‘lgan kalamushlar bor. Ular oshxonalar sarqitlarini yeb, axlatxonalarda yashashadi. Ular ko‘paymaydi. Kalamushlarni kushandasi bo‘lgan mangussifat hayvonlarni obkelishdi. Kalamushlar ketdi, ular qoldi. Daryo bo‘ylarida uchrab turadi. Bu jonivorlar tovuqlarni bo‘ynidan tishlab, qonini so‘rib o‘ldirib ketyapti.

Shunday qilib, 2000 yillar vodiy ahli uchun nafaqat iqtisodiy murakkabliklar, UzDAEWOO zavodining ishga tushishi va Muhammadqodir Abdullayevning olimpiada chempioni bo‘lishi bilan, balki ko‘plab talafotlarni keltirgan kalamushlar bosqini bilan ham yodda qolgan.

Abror Zohidov, Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbirlari.

Top