18:59 / 29.03.2022
21387

O‘zbekistonda uzoq davom etgan yog‘ingarchilik: Dunyoda yillab to‘xtamagan yomg‘irlar bo‘lgan

Mart oyidagi yomg‘irlar shu oyda Toshkentda oxirgi 50 yillik rekordni yangiladi. Tanaffus bilan qariyb 1 oy davom etgan yog‘ingarchilik O‘zbekistonda kam kuzatiladigan holat. Dunyo tarixida bundan uzoqroq, yillab davom etgan yomg‘irlar bo‘lgan.

Mart oyining o‘tgan davri uchun Toshkent shahrida yog‘ingarchilik 186 mm bo‘ldi, bu – mart oyining avvalgi  – 1969 yil rekordini yangiladi.

O‘zgidrometeorologiya xizmati markazining ma’lum qilishicha, mart oyida yomg‘irlarning davomiyligi ham anomal bo‘lgan.

Baxt shaharchasidagi yog‘ingarchilik, Sirdaryo
Baxt shaharchasidagi yog‘ingarchilik, Sirdaryo

5 martdan 18 martgacha deyarli har kuni yomg‘ir yog‘ib, so‘ng biroz tanaffus kuzatilgan. Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarining ayrim tumanlarida mart oyidagi yog‘ingarchilik butun meteorologik kuzatuvlar turkumi bo‘yicha rekord darajada bo‘lgan.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi yog‘ingarchilik, Andijon

O‘zbekistondagi mart yomg‘irlari uzoq davom etdi, dunyo tarixida esa yillab kuzatilgan yomg‘irlar ham bo‘lgan. Rekord darajada uzoq davom etgan yomg‘irlardan biri 1939-40 yillarda Tinch okeanidagi Havai orollar zanjiridagi Oahu orolida yuz bergan. Oroldagi Maunavili deb ataladigan, asosan geografik tadqiqot va statistikalar to‘planadigan bu hududda yomg‘ir 331 kun davom etgan. Orol AQSh tarkibida va aholisi 2 ming atrofida.

Oahu orolidagi uzoq davom etgan yomg‘irlar

 Hudud okeanda bo‘lgani uchun Havai uchun uzoq davom etadigan yomg‘irlar tabiiy hol sanaladi. Masalan, 1993-94 yillarda Havaidagi Oahu va Big orollarida yomg‘ir 200-247 kunlab davom etgan holatlar ham bo‘lgan.

Yer yuzining eng seryomg‘ir hududi deb tan olingan joy Hindistonning Meghalaya viloyatidagi Cherrapunji shaharchasi sanaladi. 12 mingga yaqin aholi yashaydigan bu joy yog‘ingarchilik bo‘yicha 2 marta rekord o‘rnatgan. Hududda 1960-1961 yillarda davomiy yomg‘irlar yog‘gan.

Meghalaya viloyati / Foto: toiimg

1960 yilning 1 avgustida boshlangan yomg‘ir 1961 yilning 31 iyulida to‘xtagan va 40768 millimetrni tashkil qilgan. Bu – Ginnes rekordlar kitobidan ham o‘rin olgan.

 Meghalaya viloyati / Foto: content

Uzoq va davomiy yog‘gan yomg‘irlardan biri Hind okeanida joylashgan, Fransiyaga qaraydigan Reyunion orolida bo‘lgan. 1980 yilning 14-28 yanvar oralig‘ida yog‘gan yomg‘ir 6433 millimetrni tashkil qilgan. 2 haftalik yomg‘ir Havai va Cherrapunjidagidek uzun emas, biroq ancha xavfli bo‘lgan.

Reyunion orolida yomg‘ir / Foto: twnmm.com

To‘xtovsiz yog‘gan yomg‘irlar bo‘ronga aylanib ketgan. Yuzlab ko‘chkilar yuzaga kelib, yo‘llaring yarmini suv yuvib ketgan. Ekinlarning asosiy qismi nobud bo‘lgan. 2 mingga yaqin uy vayron bo‘lib, qurbonlar 25 nafarga yetgan.

AQShning Texas shtatidagi Elvin shahri ham 24 soat tinimsiz yog‘gan yomg‘irlar guvohi bo‘lgan. Elvinda 1979 yil 25-26 iyulda 1000 millimetrdan ortiq yog‘in yog‘gan. Bu miqdor hozirgacha AQSh tarixida 1 sutkada eng ko‘p yomg‘ir yog‘gan kun sifatida rekord hisoblanadi.

Elvin, Texas/1979

1977 yil 1 avgustda Mongoliyada ham yirik miqdorda yog‘ingarchilik yuz bergan. Muduocaidang shahrida 10 soat tinimsiz yomg‘ir yog‘gan. Bunda yomg‘irning davomiyligidan tashqari, sathi ham baland – 1400 millimetr bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top