19:26 / 31.03.2022
4180

OAVda e’lon qilingan tanqidiy materiallar bo‘yicha 2021 yilda 24 ta ma’muriy va 16 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan – Bosh prokuratura 

2021 yilda OAVlarda e’lon qilingan prokuratura organlari aralashuvi talab qilingan tanqidiy materiallar yuzasidan 23 ta intizomiy, 24 ta ma’muriy va qo‘pol qonunbuzilish holati bo‘yicha 16 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda, bugun, 31 mart kuni AOKAda «Prokuratura organlarining 2021 yildagi faoliyati yakunlari»ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan 2021 yilda davlat organlarining huquqiy hujjatlarini tizimli ravishda o‘rganish natijasida:

  • 354 ming 219 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi;
  • 48 ming 777 ta qonunga zid hujjatlarga protest keltirildi, qonunbuzilishi sabablarini bartaraf etish borasida tegishli idoralarga 20 ming 779 ta taqdimnoma kiritildi;
  • 292 milliard so‘m zararni undirish haqida sudlarga 43 mingdan ortiq arizalar kiritildi;
  • 292 ming 585 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Shuningdek, 2021 yilda prokuratura organlari tomonidan 12 ming 275 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shundan 10 ming 990 nafar shaxsga nisbatan 6 ming 656 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatlarini ta’minlash maqsadida 47 ming 755 ta jinoyat, 9 ming 899 ta fuqarolik, 3 ming 387 ta iqtisodiy hamda 11 ming 850 ta ma’muriy ishlarning sudlarda ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlangan.

Bundan tashqari, o‘tgan yilda prokurorlar tashabbusi bilan 124 nafar shaxs oqlandi va yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida Oliy sud Plenumi qarorlariga 77 ta taklif kiritildi.

Tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, noqonuniy tekshirish o‘tkazish hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishdagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olish borasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida:

  • 885 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi;
  • 619 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirildi;
  • 14 ming 749 nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shuningdek, 2021 yilda prokuratura organlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida aniqlangan 713 ta tanqidiy maqolalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan. Shu davrda prokuratura organlari aralashuvi talab etiladigan 283 ta tanqidiy materiallar bo‘yicha bayonnomalar, 7 ta taqdimnoma, 23 ta intizomiy, 24 ta ma’muriy va qo‘pol qonunbuzilish holati bo‘yicha 16 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 70 ta fuqaroning huquqlari  tiklangan.

Top