12:23 / 01.04.2022
22875

O‘zbekiston qaysi davlatlarga oltin sotayotgani nega ochiqlanmasligiga izoh berildi

O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega davlatlar qatoriga O‘zbekistondan oltin sotib oluvchi davlatlar kiritilmaydi. Eksportda oltin ulushi yuqori bo‘lgan davrlarda ham oltin eksportining davlatlar bo‘yicha taqsimoti ochiqlanmaydi. Davlat statistika qo‘mitasi vakili bunga izoh berdi.

Foto: Reuters

31 mart kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Statistika qo‘mitasi rasmiylaridan O‘zbekiston qaysi davlatlarga oltin eksporti qilayotgani haqida so‘raldi.

“Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan 2022 yilning yanvar-fevral oylaridagi O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega davlatlar ro‘yxatida Rossiya, Xitoy va Turkiya yetakchilik qilayotgani ko‘rsatilgan. TOP-10 ro‘yxatda Yevropa davlatlari yo‘q, O‘zbekistondan esa asosiy oltin sotib oluvchilar Yevropa davlatlari, xususan, Shveytsariya hisoblanadi. O‘zbekiston fevral oyida oltin savdosini keskin oshirdi. Buning natijasida oltinning umumiy eksport hajmidagi ulushi 57 foizni tashkil qildi. Nima sababdan Statqo‘mning statistikasida bunday noto‘liqliklar kuzatilmoqda?” deya savol berdi Kun.uz muxbiri.

Statistika qo‘mitasining Tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Botir Ergashevga ko‘ra, O‘zbekistondan oltin sotib olgan davlatlar buni oshkor qilishni xohlamagani uchun bu boradagi statistika O‘zbekistonda ham ochiqlanmaydi.

“Oltin bozori tor doiradagi xalqaro bozor hisoblanadi. Aynan o‘sha davlatga biz oltin eksport qilgandan keyin xalqaro amaliyotda ham, xalqaro tajribada ham ikkita hamkor davlatlarning tashqi savdosi ayni holatda balans berishi kerak. Aynan bir davlatga biz eksportni amalga oshirsak, o‘z o‘rnida, o‘sha davlat importida bu o‘z aksini topishi kerak. Lekin eksport oltinimizni aynan Shveytsariya uchun eksport qilayotganimiz yo‘q, chunki bu xalqaro bozor. Xalqaro bozorda qaysi mamlakat qancha miqdorda sotib olganini oltin sotib olgan mamlakat oshkor etishni xohlamaydi. Oshkor etilmaydi.

Statistik ko‘rsatkichlarda biror mamlakatni olsangiz ham, oltinning sotib olingan hajmini ko‘rsatadi, lekin aynan qaysi mamlakatdan qancha sotib olganini ko‘rsatmaydi. Shuning uchun biz hamkor davlatlar qatoriga Shveytsariyani qo‘ymaymiz. O‘rinsiz, mantiqsiz bo‘lib qoladi. Xuddiki, Shvetsariya bizdan shuncha oltin import qilgani ko‘rinib qoladi. Aslida, Shveytsariya o‘ziga import qilayotgani yo‘q. U orqali xalqaro birjada oltin sotiladi”, – dedi statqo‘m mas’uli.

Avvalroq, 2022 yil 1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 35,36 mlrd dollarni tashkil qilgani xabar qilingandi. Raqamlar o‘tgan bir oyda  rasmiy zaxiralar 935 mln dollarga oshganini ko‘rsatdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan beri 221,4 mln dollarga yoki 0,6 foizga oshgan. Bunda oltin narxi yil boshidagi 1799,25 dollardan 1903,3 dollargacha o‘sishining ta’siri 1,1 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Top