08:47 / 02.04.2022
20516

AQSh Rossiya va Belarusning yana 120 ta tashkilotiga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga mudofaa, aerokosmik va dengiz sohalari bilan bog‘liq tashkilotlar kiritildi. Oq uy ular AQSh milliy xavfsizligi manfaatlariga zid harakat qilganini bildirmoqda.

Foto: Getty Images

Oq uy Rossiya va Belarusning mudofaa, aerokosmik hamda dengiz sohalari bilan bog‘liq bo‘lgan yana 120 ta sub’yektiga eksport sanksiyalarini joriy qilmoqda. Bu haqda AQSh Savdo vazirligi 1 aprel, juma kuni AQSh hukumatining rasmiy hujjatlari to‘plami – Federal reyestrda xabar e’lon qildi.

«AQSh rasmiylari ushbu 120 ta tashkilotning xatti-harakatlari mamlakat milliy xavfsizligi yoki tashqi siyosati manfaatlariga zid ekanligini aniqladi», deyiladi hujjatda. Uning matni, Federal reyestrda ta’kidlanishicha, Savdo vazirligi saytida 7 aprel kuni e’lon qilinadi.

AQShning eksportni tartibga solish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan 120 ta yuridik shaxsga eksport, reeksport va mamlakat ichidagi tashuvlar bo‘yicha cheklovlar qo‘yiladi. 

Rossiya kompaniyalari ro‘yxatida «Almaz» AJ, «Federalnyy sentr dvoynyx texnologiy «Soyuz» FDUK, Yeletsdagi «Energia» AJ, Primorsk o‘lkasidagi «Zvezda» kemasozlik zavodi, «Takticheskoye raketnoye voorujyeniye» korporatsiyasining bir qator korxonalari, Voronejdagi «Elektrosignal» AJ, Novosibirskdagi «Salyut» maxsus konstruktorlik byurosi, Tambovdagi «Oktabr» zavodi, «Uralelement» AJ va boshqalar bor. 

Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan Belarus tashkilot va korxonalari orasida Belarus Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari, Davlat xavfsizlik qo‘mitasining «Alfa» bo‘linmasi, Minsk g‘ildiraklar zavodi, respublika Davlat harbiy-sanoat qo‘mitasi, «Agat-Elektromexanicheskiy zavod» OAJ, «Beltexeksport» YoAJ va boshqalar bor. 

Hujjatda aytilishicha, Belarus Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishiga «katta hissa qo‘shgan», shuningdek, Rossiya qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlagan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top