11:10 / 06.04.2022
16531

Hukumat majlisida davlat organlari matbuot xizmati ishi tanqid qilindi. Avtoqo‘mita raisi va Andijon shahar hokimi ogohlantirildi

Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisida davlat organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonun, prezidentning OAV mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari axborot xizmati faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi bo‘yicha davlat organlari rahbarlari mas’uliyati masalasi muhokama qilindi.

Foto: AFP

Qonun va qaror ijrosi o‘rganilganda, ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan ushbu hujjatlar talablarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan.

Xususan, qonun 5-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar ijrosi, budjet mablag‘laridan foydalanish, o‘tkazilgan ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari, ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy saytlarda e’lon qilib borilishi kerak. 

“Biroq, deyarli barcha viloyatlar hokimliklari (Jizzax viloyatidan tashqari) veb-saytida dolzarb bo‘lgan ochiq ma’lumotlar va jamoatchilikni alohida qiziqtiradigan mavzular bir oydan uch oygacha yangilanmagan”, deyiladi hukumat xabarida.

Qonun 13-moddasiga ko‘ra saytlarda axborotni yangilab borish davriyligi haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak. Biroq, o‘ndan ortiq davlat organi va tashkilotlari, jumladan, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ochiq ma’lumotlar o‘n kundan bir oygacha kechiktirib e’lon qilinayotgani aytildi.

Shuningdek, o‘rganilgan 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy sayti ishlamayapti. Andijon viloyatining Asaka, Bo‘ston, Buloqboshi, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod, Izboskan, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahri, Toshkent shahrining Chilonzor, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Yunusobod, Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Guliston, Yangiyer shaharlari, Mirzaobod va Xovos tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Mirishkor, Nishon tumanlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, To‘rtko‘l, Taxiatosh tumanlari, Xorazm viloyatining Xiva shahri va Qo‘shko‘pir tumani, Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo tumanlari, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri, Samarqand viloyatining Samarqand tumani, Namangan viloyatining Namangan shahri, Buxoro viloyatining Buxoro tumani hokimligi saytlari ana shunday ahvolda ekani bildirildi.

Prezident qaroriga muvofiq, 280 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida birinchi marta axborot xizmati tashkil etildi. 90 dan ortiq tashkilotda axborot xizmatlari tegishli maqom va shart-sharoitlari bilan qayta tashkil qilindi.

“Biroq, haligacha ayrim vazirliklar va idoralar davlatimiz rahbarining qarori talablarini bajarmay kelmoqda. Misol uchun, 3 ta respublika tashkilotida axborot xizmati rahbari axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi maqomiga ega emas. 10 ta vazirlik va idorada matbuot kotibi mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirilmagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi vakant. Hududlarda axborot xizmatlariga qo‘shimcha shtatlar ajratilmaganligi sababli o‘tkazilayotgan tadbirlar, yangiliklar tezkorlik bilan sifatli yoritilmayotir”, deyiladi rasmiy xabarda.

Majlisda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga tizimda ochiqlik siyosati qoniqarsizligi, Sirdaryo viloyati hokimligiga Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yaxshi tashkil etilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni yetarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi A.Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi B.Haydarov ogohlantirildi.

Barcha vazirliklar va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklariga qonun va qaror ijrosiga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Top