11:37 / 07.04.2022
51947

AQSh Putinning qizlariga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh ilk marta Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oila a’zolariga nisbatan personal sanksiyalar joriy etmoqda. Sanksiyalar ro‘yxatidan uning qizlari sifatida ko‘riladigan - Katerina Tixonova va Mariya Voronsova nomlari ham o‘rin olgan.

Katerina Tixonova (chapda) va Mariya Voronsova Rossiya televideniyesida

Oq uy saytidagi xabarda aytilishicha, Putinning «voyaga yetgan farzandlari»ga nisbatan to‘liq bloklashni nazarda tutuvchi sanksiyalar qo‘llanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Putinning ikki nafar voyaga yetgan qizlari bor.

Qayd etilishicha, mazkur cheklovlar ularni «AQSh moliya tizimidan uzib qo‘yadi va Qo‘shma Shtatlardagi barcha aktivlarini muzlatadi».

Bloomberg agentligi xabarida aytilishicha, Putinning qizlariga qarshi sanksiyalar qo‘llanishi - ko‘p jihatdan ramziy qadam hisoblanadi, chunki ularning Rossiyadan tashqarida katta aktivlarga egaligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo bu orqali prezidentning e’tibori jalb qilinishi mumkin.

Shu bilan birga AQSh Sberbank, Alfa-bank va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, bosh vazir Mixail Mishustin va sobiq prezident Dmitriy Medvedevning oila a’zolariga qarshi ham sanksiyalar joriy etgan.

Amerikaliklar tomonidan Rossiyaga har qanday yangi investitsiyalar taqiqlanadi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga kirgan rossiyalik siyosatchilarning oila a’zolari «Rossiya xalqi hisobiga boyigan va Putinning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlashmoqda».

Putinning qizlari haqida nimalar ma’lum?
Putinning Lyudmila Putina bilan nikohidan ikki qizi bor, ular ajrashgani haqida 2013 yilda e’lon qilingan. Rossiya prezidenti o‘z oilasi haqida gapirishni xush ko‘rmaydi, uning qizlari bilan tushgan oxirgi surati 2002 yilda e’lon qilingan.

2002 yilgi suratda Putinning rafiqasi va qizlarining yuzlari ko‘rinmagan
VLADIMIR RODIONOV/TASS

The New Times jurnali yozishicha, Putinning katta qizini Mariya Voronsova deb atashadi. Voronsovaning hayoti haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, u 1985 yil 28 aprelda tug‘ilgan va bir necha marta familiyasini o‘zgartirgan.

Reuters agentligi 2015 yilda u - Moskva davlat universitetining fundamental tibbiyot fakultetini tamomlagani va endokrinologiya sohasida karera qilgani haqida yozgan. Shuningdek, OAVda Putinning katta qizi biznesmen Yorrit Yoost Faassenga turmushga chiqqani va Niderlandiyada yashashi aytiladi.

Faassen 2007 yilda «Gazprom»da biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimini egallagan, ammo keyinroq kompaniyani tark etib, konsalting sohasiga ishga o‘tgan edi (u yaqin vaqtgacha «MEF Audit» direktorlar kengashini boshqargan).

2022 yil martida Follow the money nashri Faassen bilan bog‘langan, u esa hech qachon Putinning qiziga uylanmaganini aytgan.

Voronsova - tibbiyot fanlari nomzodi. 2017 yilda u nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Skrinshot: «Rossiya 24»

BBC rus xizmatining aniqlashicha, Mariya Voronsova «Nomeko» kompaniyasi hammuassisi hisoblanadi, bu kompaniya Rossiya sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik xususiy investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etgan. Putinga yaqin manbalar nashrga bu Rossiya prezidentining katta qizi ekanini tasdiqlagan.

Putinning kichik qizi, Reuters va Bloomberg agentliklari 2015 yilda bergan ma’lumotlarga ko‘ra «Milliy intellektual rivojlanish» fondi direktori Katerina Tixonova hisoblanadi. BBC’ning qator manbalari bu ma’lumotni tasdiqlagan.

Bundan tashqari, Tixonova AQSh moliya vazirligining 2018 yil 6 aprelidagi press-relizida Putinning qizi sifatida keltirilgan. Putinning o‘zi esa xavfsizlik masalalarini bahona qilib, oilasi haqida suhbatlashishdan bir necha bor bosh tortgan. U hech qachon Voronsova va Tixonova bilan qarindosh ekanini tasdiqlamagan va rad etmagan.

2019 yil mayida BBC jurnalistlari Tixonovaning Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti mexanika institutida o‘tkazilgan nomzodlik dissertatsiyasi himoyasida ishtirok etishgan. Tixonovaning ishi «Vestibulyar mexanoretseptorlar faolligini tuzatish bo‘yicha matematik vazifalar» mavzusiga bag‘ishlangan, uning ilmiy rahbarlaridan biri universitet rektori Viktor Sadovnichiy bo‘lgan.

Katerina Tixonova. Foto: «Vedomosti»

2019 yil dekabrida har yilgi matbuot anjumanida BBC korrespondenti Farida Rustamova Putinga uning qizlari haqida savol bilan murojaat qilgan, ammo u to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarmagan. 

2020 yil kuzida OAVda Peterburgda yashovchi, go‘yoki Putinning ma’shuqasi bo‘lgan Svetlana Krivonogix haqida yozildi, u prezidentning do‘stlaridan «aql bovar qilmas sovg‘alar» olib turishi va «Rossiya» banki aksiyadoriga aylangani aytilgan. Bundan tashqari, nashrning yozishicha, Krivonogixning qizi Yelizaveta «davlat rahbariga haddan tashqari o‘xshaydi».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Krivonogix haqidagi xabarga izoh beraturib, bunday ayol haqida ilk bor eshitayotganini aytgandi.

2021 yil kuzida esa dunyo siyosatchilarining moliyaviy jinoyatlarini fosh etuvchi «Pandora arxivi»da Putinning uchinchi qizini dunyoga keltirgani taxmin qilinadigan Svetlana Krivonogix eslab o‘tilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top