18:06 / 08.04.2022
50307

Kramatorsk vokzaliga raketa kelib tushdi. Asosiy tafsilotlar

Donetsk oblastidagi Kramatorsk vokzaliga raketa zarbasi berilishi oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lib, 100dan ortiq kishi yaralandi. Bu vaqtda vokzalda shaharni tark etish uchun 4 ming kishi yig‘ilgandi.

Fadel Senna / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina temiryo‘llari boshqaruvchisi bo‘lgan «Ukrzaliznytsya» kompaniyasi direktori Aleksandr Kamishinning xabar berishicha, vokzalga ikkita raketa uchib kelgan.

«Bu temiryo‘l infratuzilmasi va Kramatorsk shahri aholisiga qasddan qilingan zarba», deya yozadi «Ukrzaliznytsya».

Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida qurbonlar soni 39 nafarni tashkil etmoqda, shundan 4 nafari bolalar. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 100 kishi yaralangan.

Telegram-kanallarda tarqalgan fotosuratlar va videolarda vokzal maydoni jasadlar va qon bilan to‘lgani aks etgan.

Vokzal binosi oldidagi jasadlar. Foto: HERVE BAR/AFP

Ukraina milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, raketa kutish zaliga kelib tushgan: bu yerda evakuatsiya poyezdini kutayotgan yuzlab kishilar to‘plangandi.

«Hozirda voqea joyida politsiyachilar, qutqaruvchilar, portlovchi qurilmalar bilan ishlovchi mutaxassislar va tibbiyot xodimlari ishlamoqda. Qurbonlar ko‘p, ular orasida bolalar ham bor. Yordamga muhtojlarga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi xabarda.

Kramatorsk meri Aleksandr Goncharenko rossiyalik harbiylar vokzalga oldindan belgilangan vaqtda ataylab zarba bergani haqida aytmoqda. «Poyezdlar jo‘natilishi soat 10 da boshlanadi va bosqinchilar qasddan maydonda 4 mingga yaqin kishi to‘plangan vaqtda zarba bergan», deydi u telekanallardan birining efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kramatorskdagi shifoxonalar temiryo‘l vokzaliga berilgan aviazarbadan yaralangan bemorlarga yordam ko‘rsatishga ulgurmayapti. «Ko‘plab odamlar oyoqsiz, qo‘lsiz qolgan. Ularni bir vaqtning o‘zida 30-40 nafar jarroh operatsiya qilmoqda», degan u.

Mer raketaning qoldiqlari zarba episentridan 40 metr uzoqlikdan topilganining o‘zi aviazarbaning qanday yuqori kuchga ega bo‘lganini anglatishini qayd etgan. 

Vokzalga raketa zarbasidan keyin yonib ketgan avtomobillar
Herve BAR / AFP / Scanpix / LETA

Donetsk oblasti gubernatori Pavel Kirilenko Telegram-kanalida dastlab zarba Rossiyaning «Iskander» raketasi bilan berilgani haqida yozdi. Keyinroq u aniqlik kiritib, gap «Tochka-U» haqida ketayotganini aytdi: «Ammo bu mohiyatni o‘zgartirmaydi, chunki rossiyaliklar qayerga zarba berayotganini aniq bilishgan».

Volodimir Zelenskiy ham vokzalga «Tochka-U» kelib tushganini tasdiqladi.

«Rossiya yirtqichlari o‘z metodlaridan chekinmayapti. Jang maydonida bizga qarshi turishga kuch va jasorat topilmagach, ular beorlik bilan tinch aholini yo‘q qilishmoqda», deya yozgan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy raketalardan birining qoldiqlari aks etgan videoni e’lon qilgan. Raketada «Za detey» yozuvini ko‘rish mumkin.

Ayni vaqtda Kramatorsk stansiyasi poyezdlarni qabul qilishni to‘xtatgan. Donetsk oblastidagi boshqa bir shahar Slavyanskdan esa temiryo‘l orqali ketish imkoni bor.

Kramatorskdagi portlash guvohlari nima demoqda

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 39 nafar. Foto: FADEL SENNA / AFP

Bepul oziq-ovqat yetkazib beruvchi World Central Kitchen xayriya tashkiloti ijrochi direktori Natan Muk raketa zarbasidan bir necha daqiqa oldin stansiyada bo‘lgan. «Biz vokzaldagi estakada oldidan o‘tdik, u yerda minglab kishilar to‘plangandi. Kecha va undan oldingi kunlari ham odam ko‘p edi», deydi u BBC bilan suhbatda.

Mukning aytishicha, bir necha daqiqa o‘tib u bir necha portlash ovozlarini eshitgan. «Eshitganingizdan oldin his qilasiz. Portlash sizni ichkaridan silkitadi», deydi Natan Muk.

«Bizning omborxonada turgan yigitlardan biri Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi raketalardan birini urib tushirganini ko‘rgan», deya qo‘shimcha qiladi u.

Ko‘p o‘tmay Natan Muk vokzalga borgan: u avtoturargohda yotgan raketa parchalarini, derazalar sinib ketgani va o‘nlab kishilar yerda qonga belanib yotganini ko‘rgani haqida aytadi. «Tez tibbiy yordam brigadalari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan, ular yaralanganlarga yordam ko‘rsatishmoqda», degan u.

«Tochka-U»

Rossiya mudofaa vazirligi Kramatorskka berilgan raketa zarbasiga aloqasi yo‘qligini, 8 aprel kuni Rossiya qurolli kuchlarida Kramatorsk shahriga o‘t ochish vazifasi bo‘lmagan va rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbariyati ham Kramatorskka «Tochka-U» bilan zarba berilganini aytgan. Ammo DXR versiyasiga ko‘ra, vokzalga zarbani ukrainalik harbiylar yo‘llagan, ayirmachilar bu hodisani provokatsiya deb atadi.

«Kramatorskdagi mahalliy aholi evakuatsiya qilinayotgan temiryo‘l vokzali hududiga raketa zarbasi berildi. «Tochka-U» raketasi parchalari temiryo‘l vokzaliga yaqin joyga qulagan. Ushbu eskirgan sovet raketa tizimi DXR, LXR va Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatmaydi. Undan ukrainalik jangarilar faol foydalanmoqda», deyiladi DXR tomoni xabarida.

Rossiya harbiylari ham «Tochka-U» raketalaridan faqat Ukraina qurolli kuchlari foydalanishini ma’lum qilgan.

«Tochka-U» — sovetlar davrida ishlab chiqarilgan operativ-taktik raketa kompleksi hisoblanadi. Rossiya mudofaa vazirligi 2017 yilda keyingi uch yil mobaynida qurolli kuchlardan «Tochka-U» raketalarini yig‘ishtirib olish va ularni «Iskander»ga almashtirish rejasi haqida e’lon qilgandi. «Tochka-U» majmualarini esa saqlab qo‘yish rejalashtirilgan.

Ukraina qurolli kuchlari esa «Tochka-U» raketa tizimlaridan hozirgacha foydalanib keladi. DXR hukumati 14 mart kuni aynan shu raketa orqali Donetskka zarba berilgani va bu hujum oqibatida shaharda 20 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Ammo Ukraina hukumati va OAV Rossiya kuchlari ham bu urushda «Tochka-U»dan foydalanib kelayotgani haqida xabar bergan, bu rossiyaliklarda «Iskander» yetishmovchiligi bilan izohlangan. 6 mart kuni Conflict Intelligence tadqiqotchilari jamoasi raketalarning ko‘p qismi nisbatan zamonaviy bo‘lgan «Iskander» raketalariga almashtirilganiga qaramay, Rossiya qurolli kuchlarida bunday raketalardan foydalanish davom etayotganini ma’lum qilgandi.

Qolaversa, RF mudofaa vazirligi ham fevral oyida Rossiya-Belarus qo‘shma mashg‘ulotlarida «Tochka-U» majmualaridan jangovar raketalar uchirilgani haqida xabar bergandi.

Ukraina nashrlari 8 aprel kuni soat 10:24 va 10:25 larda — vokzalga raketa zarbalari haqidagi ilk xabarlardan 20 daqiqa oldinroq — «Tipichnyy Donetsk» Telegram-kanalida raketa uchirilishi aks etgan ikki videoga e’tibor qaratmoqda. Bu roliklar DXR nazoratidagi Shaxtyorsk shahrida olingan. 

Shuningdek rossiyaparast Telegram-kanallarda 7 aprel kuni kechqurun va 8 aprel tongida Slavyansk, Kramatorsk va atrofdagi aholi punktlarini tark etish, lekin «temiryo‘l transportidan foydalanmaslik» tavsiya qilingan xabarlar berilgan, bu xabarlarda «Ukraina qurolli kuchlariga qarshi ish olib borilishi» qo‘shimcha qilingan. Kramatorsk vokzalidagi hodisadan keyin bu xabarlar o‘chirib yuborilgan.

Kramatorsk vokzalidagi vaziyat oxirgi kunlarda qanday ko‘rinishda edi?

So‘nggi kunlarda Ukraina hukumati Lugansk va Donetsk oblastlari aholisiga murojaat qilib, Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanayotgani munosabati bilan xavfsiz joylarga ketishga chaqirgandi. Katta ehtimol bilan shu murojaat tufayli vokzalda ko‘p odam to‘plangandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top