16:53 / 08.04.2022
10241

“Vatandoshlar” jamoat fondi rasmiy saytini ishga tushirdi

Yangi tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi o‘z rasmiy saytini (vatandoshlarfondi.uz) test rejimida ishga tushirganini ma’lum qildi.

“Endi sizda yurtimiz va xorijdagi yangiliklar, fond tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, jamoat birlashmalari faoliyati haqidagi ma’lumotlardan bahramand bo‘lish imkoniyati mavjud”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, “Vatandoshlar” fondi 2021 yil avgust oyida prezident qarori asosida tashkil etilgan edi.

O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev fond vasiylik kengashi raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Fondni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan dastlabki mablag‘ sifatida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 5 milliard so‘m ajratilgan.

Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar deb belgilangan:

  • xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;
  • xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish;
  • xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam ko‘rsatish;
  • xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;
  • xorijda O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, vatandoshlarga madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashish;
  • vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini rag‘batlantirish, ularga xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
  • xorijiy davlatlarning ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan muassasalarida pedagog kadrlarga bo‘lgan mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, xorijda istiqomat qilayotgan iqtidorli vatandoshlarning respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlariga ko‘mak ko‘rsatish;
  • rivojlangan xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan olim va ijodkor vatandoshlarning yurt nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni O‘zbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish.
Mavzuga oid
Top