12:53 / 09.04.2022
17232

“Muruvvat uyini ko‘rgan ayrim hokimlar hushidan ketgandi” - Shavkat Mirziyoyev faoliyatidagi murakkab davrni esga oldi

Prezident Jizzax viloyati hokimi bo‘lgan vaqtda Zomindagi “Muruvvat uyi”ga tuman hokimlarini olib borganini yodga olib, hozir hokimlarda barcha imkoniyatlar borligi, ular bundan unumli foydalanishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Shundan so‘ng Olmazor tumanidagi zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Mehribonlik va muruvvat uylariga har qancha yordam bersak arziydi. Pulni ham, mehnatni ayamasligimiz kerak. Mana, tadbirimizda muftiy hazratlari ishtirok etyapti. U kishining duolarini olib, g‘ayrat qilishimiz lozim. Videoselektor yig‘ilishimizda viloyatlar hokimlari ham qatnashishyapti. Men o‘zim ham viloyat hokimi bo‘lganman, lekin u paytlarda hozirgidek imkoniyatlarimiz yo‘q edi.

Jizzaxda ishlaganimda Zomindagi “Muruvvat uyi”ga barcha tumanlar hokimlarini birga olib bordim. U yerdagi vaziyatni, odamlarning yashash sharoitini ko‘rib ko‘pchilik hokimlar o‘zini yomon his qilgan, hushidan ketganlari ham bo‘lgan.

Vaziyatni tanishtirgandan keyin hokimlarga kerakli topshiriqlarni bergandim. Chunki haqiqatan sharoit og‘ir edi. Shunga qaramay o‘sha murakkab paytda ham barcha muammolarni hal qilgandik. Hozir sizlarning qo‘lingizda barcha imkoniyatlar bor, to‘g‘ri foydalaninglar”, – dedi prezident mutasaddilarga qarata.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 1996 yil sentabrdan 2001 yil sentabrgacha Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlagan. Shundan so‘ng ikki yil Samarqand viloyati hokimi bo‘lgach, bosh vazir etib tayinlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

8 aprel kungi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda yarim yilda «Mehribonlik» uylari, Bolalar shaharchasi va SOS bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi 1 619 nafar ko‘ngli o‘ksik bolalar o‘z oilasi va yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazilgan. Natijada 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani uchun yopilgan. 

Qolgan 6 ta «Mehribonlik» va 11 ta kichik bolalar uylarida 1 475 ta o‘rin mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularda 897 nafar yetim bolalar bor.

«Albatta, bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani, xalqimizning yuksak ma’naviyati, iymon-insofi va bolajonligini ko‘rsatib turibdi. 

Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, yanada yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berishni tezlashtirish choralarini ko‘rish lozim», dedi prezident.

Top