18:38 / 10.04.2022
15509

Germaniya bombapanalarini mustahkamlaydi, sirenalar uchun 88 million yevro ajratildi

Germaniya yerto‘lalardagi bombapanalarning holatini yaxshilash haqida o‘ylamoqda. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayangan holda Reuters yozmoqda.

Foto: AP

Manbada yozilishicha, Ukrainadagi urush Germaniyada mudofaa sohasini qayta isloh qilishga undagan. Kansler Olaf Shols armiya xarajatlari 100 milliard yevroga oshirilishini ma’lum qildi.

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Feyzerning aytishicha, hukumat ommaviy bombapanalarni modernizatsiya qilish va fuqarolarni himoya qilishga e’tiborni kuchaytirmoqchi: «Hozirgi vaqtda Germaniyada 599 ta bombapana bor. Imkon qadar ularning ko‘prog‘ini ta’mirlash variantini ko‘rib chiqamiz», degan vazir.

Uning aytishicha, Germaniya bombapana vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan yerosti parkovkalari, metro stansiyalari va yerto‘lalarni mustahkamlash loyihalari ustida ishlamoqda. Hukumat ogohlantiruvchi sirenalar o‘rnatishga allaqachon 88 million yevro ajratib bo‘ldi.

Shuningdek, Germaniya urush ehtimoli uchun oziq-ovqat, tibbiyot buyumlari, niqoblar va dori-darmon zaxirasi yaratish ustida ish boshlagan.

Top