15:30 / 14.04.2022
4996

Bizning imkoniyatlar sizning muvaffaqiyatingiz uchun

Foto: O‘zcharmsanoat

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, gumanitar aloqalar yildan yilga ortib bormoqda. Sanoatning charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmog‘ida ham ikki davlat uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat mavjud. Endigi maqsad ularni ishga solishdir. Bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhim topshiriqlarni soha mutasaddilari oldiga qo‘ygan edi. Xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, chet el sarmoyalarini mamlakatimizga jalb qilish maqsadida davlat rahbari tomonidan joriy yilning 26 fevralida qabul qilingan “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror bilan mamlakatimiz hududlarida maxsus charmsanoat zonalari tashkil etilmoqda. Bu o‘z navbatida xalqaro kompaniyalarni bu yo‘nalishga yanada keng jalb qilishga katta imkoniyat yaratadi. Yuqoridagi topshiriqlardan kelib chiqib, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga o‘z biznes missiyasini amalga oshirdi.

Nega aynan Hindiston?

Hindiston Respublikasi dunyoning eng tez rivojlanib borayotgan The BRICS nations (Brazil, Russia, India, China and South Africa) davlatlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda ushbu davlatlarning umumiy YaIM hajmi qariyb 20 trillion AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi. Pandemiya va boshqa ko‘plab ommaviy tartibdagi muammolar yaqin 2 yil ichida mamlakat iqtisodiyotiga keskin ta’sir ko‘rsatganiga qaramasdan, boshqa ko‘plab sanoat tarmoqlari qatorida charm-poyabzal sohasi Hindiston iqtisodiyotida muhim o‘rinda ekanligi namoyon bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, Hindiston dunyoning 20% mol va buffalo (qo‘tos) hamda 11% echki va qo‘y hayvonlari bilan ta’minlangan. Bu esa sohaning to‘xtovsiz rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, charm-poyabzal sanoatining barcha turlarida faoliyat olib borayotgan korxonalar eng zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalar bilan jihozlangan hamda ilg‘or va malakali ishchi kuchi bilan ta’minlangan. Jumladan, sohadagi umumiy ishchi kuchi soni qariyb 4,5 mln kishiga teng va bu miqdorning sezilarli qismini, ya’ni 30%ini ayollar tashkil qiladi.

Hindiston yiliga 279 mln m² teri mahsulotini qayta ishlab chiqaradi. Mamlakat qariyb 4 mlrd AQSh dollariga teng charm-poyabzal va charmdan tayyorlangan mahsulotlarni butun dunyoga eksport qiladi. Bu ko‘rsatkich butunjahon teri ishlab chiqarish sanoatining 13 %iga teng.

Poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha esa Xitoy Xalq Respublikasidan keyin 2 o‘rinda bo‘lib, Hindistonda yiliga qariyb 3 mlrd juft mahsulot ishlab chiqariladi. Poyabzal eksporti umumiy soha eksportining 46%ini tashkil etadi. Dunyoning eng yirik charm-attorlik mahsulotlarini eksport qiluvchi 5 mamlakatdan biri ham aynan Hindistondir. Ayni ko‘rsatkichlarning o‘ziyoq Hindiston bilan charm-poyabzal sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘la oladi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga amalga oshirgan biznes-missiyasining dastlabki manzili Uttar Pradesh provinsiyasining Agra shahri. Qayd etish kerak, CLE – Teri eksporti kengashi bergan ma’lumotlarga ko‘ra har kuni Agra shahrining o‘zida 200 000 juft poyabzal ishlab chiqariladi. Bugungi kunda, Agrada 5000 dona poyabzal do‘konlari mavjud. Aholining qariyb 60 foizi poyabzal savdosida, aksariyat qismi, qo‘lda tayyorlangan yozgi yengil oyoq kiyimlar savdosida oldi-sotdi bilan shug‘ullanadi. Hindistonning asosiy poyabzal ishlab chiqarish markazi hisoblanadigan bu shahar, umumiy ichki talabning taxminan 65 foizini va mamlakatning umumiy poyabzal eksportining 28 foiz ulushini tashkil etadi. Shaharning eksport geografiyasi asosan quyidagi davlatlardan iborat: AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Kanada, Gollandiya, Janubiy Afrika, Ispaniya va boshqalar.

O‘zbekiston: Muvaffaqiyat uchun yangi manzil!

Uyushma delegatsiyasi dastlab Agra poyabzal ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar palatasida Hindistonlik 10dan ortiq poyabzal va charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mamlakatimizga Hind sarmoyalarini faol jalb etish bo‘yicha muzokaralarga kirishdi. Mazkur korxonalarning yillik daromadi 10-15 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Uchrashuvda “Autsorsing” asosida mahsulot ishlab chiqarish borasida ham fikr almashildi. Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar va Hindiston kompaniyalari o‘rtasida tajriba almashish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, texnologik jarayonlar, eng asosiysi yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Delegatsiya a’zolari mazkur davlat tadbirkorlariga mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, investitsiya siyosati, ishlab chiqarish salohiyati, eksport geografiyasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida Hind korxonalari O‘zbekistonning charm-poyabzal sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z tashabbuslarini ilgari surishdi. Hind kompaniyalari mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi imkoniyat va salohiyati bilan yaqindan tanishar ekan, O‘zbekistonni muvaffaqiyatli biznes uchun qulay va samarali manzil ekanini qayd etishdi.

Tajriba almashish va hamkorlik uchun dastlabki qadam!

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Agra shahriga amalga oshirgan biznes missiyasi davomida Hindistondagi yirik charm-poyabzal korxonalariga ham tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va kompaniyalar kapitalini O‘zbekistonga jalb etish yuzasidan muzokaralarga kirishdi. Dastlabki manzil “DAWAR” kompaniyasi. Mazkur korxona Hindistonda charm-poyabzal ishlab chiqaruvchi klaster sanaladi. Terini qayta ishlashdan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan kompaniyaning yillik eksport hajmi 400 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Delegatsiya a’zolari kompaniya rahbariyati bilan uchrashuvda korxona bilan mahsulotlar ishlab chiqarishda o‘zaro tajriba almashish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va yangi korxonalarni barpo etish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Kompaniya rahbariyati yurtimizda ayni yo‘nalishdagi ishlar bilan yaqindan tanishib, eksport bozori kengligi va bu uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud ekanini qayd etdi. Tashrif chog‘ida poyabzallar dizaynini yaratishdan tortib, tikuv jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Korxona rahbariyati kompaniya filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Agra shahrida joylashgan “ROGER GROUP” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Korxona asosan bolalar va ayollar poyabzallarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya rahbariyati bilan muloqotda ikki davlat o‘rtasida aynan bolalar va ayollar poyabzallarini ishlab chiqarish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda  charmsanoatning ayni yo‘nalishida hali ishga solinmagan imkoniyatlari mavjudligini, bu borada manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va o‘z sarmoyalarini O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha muloqotlarga tayyorligini ma’lum qildi.

Hindistonning “GC” kompaniyasi bilan muloqotlarda esa ayollar poyabzallarini ishlab chiqarish va bu borada O‘zbekiston bozori chuqur tahlil qilingani ma’lum qilindi. Kompaniya rahbariyati mamlakatimizda o‘z biznesini ochish maqsadida ekanini, shu bois joriy yilning 25-27 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Charmexpo-2022” 12-xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollarini atroflicha muhokama qilib olishga kelishib olindi.

Markaziy va Janubiy Osiyoda sanoati yirik davlatlar ishonchli hamkorlar!

O‘zbekiston so‘nggi besh yilda dunyoga o‘zining iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlarini namoyish qilib kelmoqda. Bu esa charm-poyabzal sanoatidagi yirik lider davlat Hindiston tadbirkorlarini ham yurtimizga faol jalb etmoqda. Maqsad aniq Markaziy va Janubiy Osiyoda charm- poyabzal sanoati rivojlangan ikki davlatning bir maqsad va tashabbuslar sari hamkorligiga keng yo‘l ochishdir. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi ayni rejani samarali hayotga joriy qilish maqsadida hind tadbirkorlariga individual yondashib,  invest loyihalar va manfaatli kelishuvlarni taklif qilmoqda. Yaqin kunlarda charm-poyabzal tarmog‘ida O‘zbekistonning ishonchli hamkorlari canalgan Italiya, Turkiya, Xitoy, Rossiya kabi yirik sheriklari qatoridan Hindiston ham joy oladi.

“O‘zcharmsanoat”  uyushmasi Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top