07:54 / 14.04.2022
9731

Ko‘p qavatli uylar oldidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etishni yengillashtiruvchi hujjat tayyorlanmoqda

2022 yil 12 aprel kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ekspertlar guruhi majlisida “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Qo‘mita ekspertlari ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil davomida jami 37 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini o‘rganish natijalari bo‘yicha 61 mingdan ortiq holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilgani aniqlangan. Ularni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

O‘zboshimchalik bilan barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovini amalga oshirish belgilanganligi tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bo‘yicha hamda aholiga boshqa xizmatlar ko‘rsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda xizmatlar ko‘rsatish uchun tegishli soliq to‘lovlaridan ozod etilgan. Ammo ushbu imtiyoz boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmayotganligi turli kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etildi.

Ushbu bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan va muhokama qilinayotgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunning hayotga tatbiq etilishi ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanishda qonunbuzilish holatlarining oldini olish, ko‘p kvartirali uylardagi muhandislik-texnik kommunikatsiyalar va uyning konstruktiv tayanch qismlarining zilzilaga bardoshligini saqlab qolish hamda aholining xavfsiz yashashiga xizmat qiladi, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Top