09:21 / 17.04.2022
18076

Navoiy viloyati sobiq bosh imom-xatibi vafot etdi

Nasriddinxon Atoyev xalq orasida Eshonbobo nomi bilan hurmat qozongandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida islomiy ilm-ma’rifat taratib kelayotgan e’tiborli ulamolardan Nasriddinxon Mubinjon o‘g‘li Atoyev 15 aprel kuni 64 yoshida vafot etdi.

O‘zA ma’lumotiga ko‘ra, xalq orasida Eshonbobo nomi bilan mashhur bo‘lgan Nasriddinxon hoji domla Atoyev 1958 yil 15 may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. 1996 yili Toshkent islom institutini tamomlagan.

Nasriddinxon Atoyev 1992–2003 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumani «Chil ustun» masjidida imom-xatib, 2003–2010 yillarda viloyat bosh imom-xatibi, 2010 yildan buyon viloyat faxriy imomi, shuningdek, Navoiy viloyati «Chashma» tabiiy-me’moriy majmuasiga mehr qo‘yib, 2018 yildan Navoiy viloyati direksiyasi direktori vazifasida faoliyat yuritib kelayotgandi.

«Nasriddinxon eshonbobo hayoti davomida 60 nafardan ortiq shogirdlar yetishtirgan bo‘lib, ularni haqiqiy vatanparvar sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga alohida e’tibor qaratib keldi.

Diniy bilim va tafakkurining kengligi, ona yurtimizga, istiqlol g‘oyalariga sadoqati, jamoat ishlari, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot sohasidagi fidoyiligi bilan ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘lgan Nasriddinxon eshonbobo so‘nggi yillarda diniy va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, ziyoratgohlarimizni obod qilishga katta e’tibor qaratish bilan birga, hududdagi aholi o‘rtasida diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda alohida faollik ko‘rsatdi.

Darhaqiqat, buyuk allomalarimizning diniy e’tiqod borasidagi ezgu an’analariga sadoqat bilan butun hayotini muqaddas dinimiz sofligini saqlash va rivojiga bag‘ishlagan Nasriddinxon Atoyev mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan edi.

Nasriddin Atoyevning taqvodorligi, go‘zal xulqi, shogirdlari va safdoshlariga nisbatan samimiy muomalasi, xolis nasihati barchaning qalbida chuqur iz qoldirdi. Taniqli ulamo, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin inson qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Ushbu musibat damlarida marhumning ahli oilasi, yaqinlariga sabr tilaymiz va chin dildan hamdardlik bildiramiz. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!» deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita jamoasi ta’ziyasida.

Top